Hovlidagi xazina
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona vodiysida har bir qarich yerning qadri baland. Boisi, feʼli ham tabiatiga mos hamyurtlarimiz yer bilan “tillashish”ning hadisini olgan. Ekin ekkani joyi qolmasa doʻppisini toʻntarib, unga bir hovuch tuproqni joylab, bir juft urugʻ qadab, kuzda hosilini olish ularga xos fazilat.
Xuddi shunday holatni Andijon shahrida kuzatgan edim. Viloyat markazidagi atigi bir sotix maydonga ega moʻjazgina xonadon sohibi beton qoplamali sahnga minglab tuvakchalarni joylab, pomidor urugʻi qadaydi. Erta bahorda ularni sotib, qoʻshimcha daromad oladi. Bunga ham qanoat hosil qilmay, yuz dona tuvakka koʻchat ekib, parvarishlab, hosil yetishtiradi. Kuzda mevasini sotsa kerakda, deb oʻylayotgandirsiz? Yoʻq, ularni tuzlab, qishda sotadi. Qarabsizki, bir yilda oʻrtacha 10 mln. soʻmgacha mablagʻ ishlab topadi. Bu foydalanilmay turgan beton ustida ishlab topilgan daromad. Agar uning tomorqasida yer maydoni boʻlsami...
Bu borada Marhamat tumani aholisi ham andijonliklardan aslo qolishmaydi. Hudud uzumchilikka ixtisoslashganligi bois har bir hovlida soʻritoklar mavjud. Tomorqa egalari “Uzumini yeng-u bogʻini surishtirmang”, deya koʻkrak kerib oʻtirsa ham boʻladi-yu, biroq kaftdek yer ham boʻsh qolmasin, deb barcha kuchini mehnatga sarflashadi. Buning uchun tok ostidagi yerga ham poliz ekinlarini ekishib, bir yilda uch martagacha hosil olishadi.
— Fevral oyida yerga kartoshka urugʻini qadadik, —deydi Bahoriston koʻchasidagi xonadonlardan birida yashovchi Zumradxon Hakimova. — Tok yaproq yozib, ostiga salqini tushguncha kartoshka yetilib qoladi. Uning oʻrniga bulgʻor qalampiri bilan baqlajon ekamiz. Boisi, bu ikki ekinga tok ostidagi salqin kor qilmaydi. 4 sotix maydondan yil davomida 30 million soʻmgacha daromad olamiz. Muhimi, hosilni bozorga olib bormaymiz, xaridorlar uyimizdan olib ketishadi. Bir soʻz bilan aytganda, hovlidan koʻchaga chiqmasdan pul ishlab topamiz.
Mahallada mingdan ziyod xonadonlar bor. Eng kam tomorqa maydoni 4 sotix, eng koʻpi 10 sotixdan iborat. Undan oqilona foydalanish orqali har bir xonadon egasi bir yilda oʻrtacha 15-20 mln. soʻm qoʻshimcha daromad olish imkoniga ega.
— Yerga mehr bersang u seni boqadi, — deya suhbatga qoʻshildi “Boboxuroson” MFY raisi Tavakkal Shomurodov. — 4 sotix tomorqasi bor odamning aslida boʻsh vaqti boʻlmasligi kerak. Hovlidagi yumushlari orqali oʻzini oʻzi band qilayotgan mahalladoshlarimiz tomorqa bilangina cheklanib qolayotgani yoʻq. Axir, chorvachilikda ham yaxshigina tajriba bor. Issiqxonasida yil davomida qulupnaydan tortib bodringgacha hosil yetilib turadi. Tomorqa yer maydonlaridan foydalanishdagi imtiyozlar mahalladoshlarni yanada samaraliroq mehnat qilishga undadi. Ayniqsa, soliq tizimidagi manfaatdorlik tufayli daromadlari ortyapti. Yaratilayotgan sharoitlar sababli joriy yilning oʻzida 74 nafar fuqarolar oʻz-oʻzini band qilish orqali daromad manbaiga yoʻnaltirildi. 36 nafar mahalladoshlarimizga 5 mln. soʻmdan 33 mln. soʻmgacha kredit mablagʻi ajratilishi natijasida tadbirkorlik faoliyatini boshladi.

Dildoraxon Qoraboyeva oilaviy sharoitidan kelib chiqqan holda ijtimoiy reyestrda turardi. Mahalla yettiligi uning ichki imkoniyatlarini oʻrganib kredit mablagʻi ajratishga qaror qildi. Axir, salkam 10 sotixdan iborat tomorqa maydonidan unumli foydalansa nafaqat oʻzini, balki oila aʼzolarini ham band qilishi mumkinda.
— Qoʻshnilarimiz bir qarich yerni ham boʻsh qoʻymay, undan yaxshigina daromad olishlarini koʻrib, havas qilardim-u mablagʻim yoʻqligi uchun ular bilan bir safda mehnat qila olmayotgandim, — deydi u biz bilan suhbatda. — 30 mln. soʻm kredit mablagʻi ajratilgach, avvalo, moʻjazgina issiqxona barpo etib, qulupnay koʻchatini oʻtqazdim. Ochiq maydonga kartoshka urugʻini qadadim. Bu borada tajribasizligimni hisobga olgan holda shu yilning oʻzida kamida 15 mln. soʻm daromad olishni koʻzlab turibman.
Marhamatliklarning shijoati butun viloyat aholisiga koʻchgan. Shu bois ular oʻtgan yili hovlisidagi tomorqaning oʻzidan 979 ming tonna hosil yigʻib olishga erishdi. Joriy yilda bu koʻrsatkich yanada ortadi. Negaki, mavjud 909 ta mahallaning 880 tasidagi 564 mingta aholi xonadonlarida ekin ekish mumkin boʻlgan 25,6 ming gektar tomorqa yer maydoni mavjud boʻlib, shundan 60 foizida bir yilda uch martagacha hosil olinadi. 2025-yilda yiliga ikki marta hosil oladigan xonadonlarning 225 tasini uch marta hosil olishga oʻtkaziladi. Buning natijasida hosil miqdori ortib, aholi daromadi kamida 30 foizga oshishi koʻzda tutilgan.
Uzoqning bugʻdoyidan yaqinning arpasi yaxshi, degan naql bor xalqimizda. Biroq bu ibora bugungi kunga kelib biroz maʼnosini yoʻqotgan chogʻi. Zero, shundoqqina hovlidagi tomorqadan olinadigan daromadning oʻzi katta xazina bilan boʻylashayotgan bugungi kunda arpa narxi ham sariq chaqa misoli goʻyo... Shu bois oʻz rizqini oʻzga yurtdan terayotgan aksariyat hamyurtlarimiz ona uyiga qaytmoqda.
— Xazinam oyoqlarim ostida ekan-u men boʻlsa uni izlab qoʻshni davlatlarda yurgan ekanman, — deydi hazilomuz ohangda shu mahallada yashovchi Nabijon Usmonov. — Hududimizda tomorqadan foydalanish boʻyicha toʻplangan boy tajriba tufayli uyimga qaytib keldim. Sababi, hisob-kitob qilib koʻrsam, u yoqlarda ishlab topgan pulimni oʻz uyimda ishlab topish imkonim bor ekan. Bu ham boʻlsa yurtimizda kambagʻallikdan farovonlik sari doirasidagi tashabbuslar natijasidir.
Mutaxassislarning fikricha, Ikkinchi jahon urushidan oldin mamlakatimiz yer maydonida gektaridan 12-15 sentnerdan hosil olingan. 1970-yillarga kelib bu koʻrsatkich 40 sentnerga yetkazilgan. Bu oʻz-oʻzidan boʻlmagan, albatta! Uning zamirida katta mehnat, tajriba va koʻnikma mavjud. Xuddi shuningdek, tomorqachilikda ham yangi bosqichga yuz tutilmoqdaki, qisqa muddatda u aholining haqiqiy xazina manbaiga aylanishi, shubhasiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring