Hosilingiz barakali, hayotingiz farovon boʻlsin, aziz dehqonlar!

22:13 12 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
2399 0

Aziz fermerlar, dehqonlar, tomorqa yer egalari, agronomlar, suvchilar, mexanizatorlar, Kengashimiz aʼzolari, qishloq xoʻjaligiga aloqador barcha sohalar xodimlarini Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni bilan samimiy tabriklaymiz!

Bu yilgi murakkab sharoitda koronavirus pandemiyasi va tabiat injiqliklariga qaramasdan, mehnatkash fermer va dehqonlarimiz, olijanob tomorqa yer egalarimiz mehnati bilan xalqimiz dasturxoni toʻkin, hayotimiz farovonligi taʼminlanmoqda.

Davlatimiz rahbarining shu yil 12-dekabrda soha xodimlariga yoʻllagan tabrigida har bir dehqonning katta azmu shijoat, mirishkorlik va hayotiy tajribani ishga solishdek ibratli fazilatlarini xalqimiz yaxshi bilishi va yuksak qadrlashini alohida taʼkidladilar. Shu bilan birga, joriy yilda yurtimizda olti yarim million tonnaga yaqin gʻalla, 3 million tonnadan ziyod paxta, 21 ming tonna pilla, 22 million tonna meva-sabzavot, ikki yarim million tonna goʻsht va 11 million tonnadan ziyod sut mahsulotlari yetishtirilgani mashaqqatli va halol mehnatning samarasi ekanini alohida qayd etganlar.

Darhaqiqat, boy bilim va tajribasi, omilkorlik xislatlarini namoyon etib, ilm-fan yutuqlarini samarali qoʻllash hisobidan yuksak xirmon yaratgan barcha dehqon va fermerlarimiz mehnati tahsinga loyiq.

Ayni vaqtda agrar sohaning hal qiluvchi oʻrni va ahamiyati har doimgidan ham yuqori ekanini Kengashimiz xodimlari va aʼzolari juda yaxshi his qilib, munosib mehnat qilishmoqda.

Xalqimizni sifatli qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilan taʼminlash, qishloq aholisini, jumladan ayollar va yoshlarni band qilish, fermerlar va klasterlar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, sohaga ilgʻor texnologiyalarni joriy etishda faol ishtirok etish Kengashlarimiz oldida turgan muhim vazifalardandir.

Koʻp tarmoqli fermerlarni qoʻllab-quvvatlash orqali joriy yilda 11 mingdan ortiq fermerlarda qoʻshimcha faoliyat turlari tashkil etilib, 37 ming aholi ish bilan taʼminlangani alohida eʼtirofga loyiq. Mazkur jarayonda kelgusida ham Kengashlarimiz amaliy ishlarni davom ettirishadi.

Mamlakatimizdagi 4,5 milliondan ortiq aholi tomorqalariga yordam koʻrsatish, targʻibot-tashviqot tadbirlari bilan birga moliyaviy qoʻllab-quvvatlash ishlarida kengashlarimiz alohida oʻrni va xizmati bor.

Tomorqa yer egalari, fermerlar, tomorqa egalariga mahsulot ekishdan sotishgacha boʻlgan jarayonlarda koʻmakchi boʻlib borayotgan tomorqa xizmati korxonalarini qoʻllab-quvvatlash va shu kabi tadbirlar uchun joriy yilda Kengashimiz huzuridagi jamgʻarmadan 190 mlrd. soʻmdan koʻproq mablagʻlar imtiyozli shartlarda ajratib berildi.

Joriy yilda qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yerlarda dehqonchilik qilish uchun sharoit yaratib, yoshlar, ayollar va ishsizlar uchun kooperativlar tashkil qilish amaliyoti yaxshi samara bermoqda, kelgusida ham bunday faoliyatni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Davlatimiz rahbari tabrigida aytilganidek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan ichki bozorimizni toʻliq taʼminlash bilan birga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ikki barobar oshirish va eksportni koʻpaytirish uchun imkoniyatlarni safarbar qilishdek muhim vazifani amalga oshirishda Kengashlarimiz xodimlari va aʼzolari faol ishtirok etishiga ishonchimiz komil.

Albatta, kelgusida qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish boʻyicha kompleks dasturlarni amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda mahsulot turlari va eksport hajmini yana-da oshirish ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi.

Muhtaram hamkasblar, va aziz soha xodimlari!

Kasb va hosil bayrami bilan yana bir bor muborakbod etib, mustahkam sogʻliq va oilaviy baxt, dalalarda moʻl hosil va barakali xirmon koʻtarilishida hamisha omad yor boʻlishiga tilakdoshmiz.

Aktam Xaitov,
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va 
tomorqa yer egalari kengashi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер