Hokimning noqonuniy qarori bekor qilindi

17:06 11 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
964 0

Samarqand viloyat Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi tomonidan Samarqand shahar hokimligiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunining 12-moddasi (3 va 8-xat boshlari) talablari buzilganligi holati boʻyicha qoʻzgʻatilgan ish koʻrib chiqildi.

Hududiy boshqarma Samarqand shahar hokimining 2020-yil 18-iyundagi 99-F-sonli Farmoyishining raqobat muhitiga taʼsiri oʻrganib chiqilganda:

– Samarqand shahridagi Universitet xiyobonida 84 dona, Registon koʻchasida 25 dona, Beruniy koʻchasida 94 dona hamda Kimyogarlar qoʻrgʻonidagi Umid koʻchasida 10 dona, jami 213 dona 1x2 oʻlchamli LED monitorlari oʻrnatilishi belgilanganligi;

– mazkur LED monitorlarni oʻrnatish ishlari aniq bitta tadbirkorlik subyektiga (MCHJga) yuklatilganligi qayd etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 104-sonli qaroriga asosan tashqi reklama obyektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalarida, shuningdek, davlat mulki boʻlgan bino va inshootlarda joylashtirish huquqini berish “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida ochiq elektron auksionlar orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Shularni inobatga olib, Samarqand shahar hokimligi qabul qilgan 2020-yil 18-iyundagi 99-F-sonli farmoyishi “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunining 12-moddasi talablariga zid boʻlganligi sababli hududiy boshqarma tomonidan hokimlikka nisbatan ish qoʻzgʻatilib, uning koʻrsatmasiga asosan mazkur farmoyish oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Natijada, Samarqand shahrida tashqi reklama obyektlarini oʻrnatish boʻyicha barcha tadbirkorlik subyektlariga teng sharoit yaratilishi taʼminlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер