Hokimlarning ayrim vakolatlarini cheklash taklif etilmoqda

13:04 10 Iyun 2020 Siyosat
1854 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yana bir hujjat — “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqish uchun kiritildi.

Oliy sud tomonidan qonunchilik huquqi tashabbusi asosida taqdim etilgan ushbu qonun loyihasi mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yana-da mustahkamlashga qaratilgan.

Qonun loyihasida yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qoʻyilishiga taqiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish boʻyicha ularning vakolatlarini cheklash taklif etilmoqda.

Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qoʻyish vakolatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berish nazarda tutilmoqda.

Yana bir ahamiyatli jihati, hech kim sud qarorisiz mulk huquqidan mahrum qilishga yoki uni cheklab qoʻyishga haqli emasligi qonunda mustahkamlab qoʻyilyapti.

Xususiylashtirilgan xususiy mulk boʻlgan yer uchastkasini olib qoʻyish, basharti u natsionalizatsiya qilinadigan boʻlsa, faqat davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hamda yer uchastkasi mulkdorining roziligi olinganida, xususiylashtirilgan yer uchastkasining shartnoma qiymati va boshqa zararlarning oʻrnini davlat tomonidan oldindan qoplash sharti bilangina, basharti u rekvizitsiya qilinadigan boʻlsa, xususiylashtirilgan yer uchastkasining mulkdoriga yetkazilgan zararlar va boshqalarning oʻrnini qoplash sharti bilan amalga oshirilishini nazarda tutish taklif etilmoqda.

Albatta, bularning barchasi mulkdorlar huquqlarini himoya qilishda muhim oʻrin tutadi.

Ayni paytda qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun masʼul qoʻmita tomonidan tayyorlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер