Hindistonlik mutaxassislar Andijonda kichik GESlar barpo etadi
Foto: Халқ сўзи
Shu kunlarda respublikamizda elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojni qondirish maqsadida gidroenergetika yoʻnalishini shakllantirishga eʼtibor qaratilmoqda. Ayni paytgacha mamlakat miqyosida 500 mln dollarlik 27 ta loyiha amalga oshirilib, qoʻshimcha 260 megavattli quvvatlar yaratildi. Buning natijasida “Oʻzbekgidroenergo” tizimidagi stansiyalarning umumiy quvvati 2 ming megavattdan oshib, yiliga 2 mlrd kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish imkoniyati yaratildi.
Shu yilning 19-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev energiya taʼminotini rivojlantirish masalalari yuzasidan boʻlib oʻtgan yigʻilishda gidroenergetika tizimidagi yangi rejalar taqdimoti bilan tanishgan edi. Unda hududlarda 250 ta uchastkada yiliga 675 mln kilovvat-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan. Joylarda bu boradagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, Andijon viloyatida hindistonlik hamkorlar bilan birgalikda kichik gidroGESlar quriladigan boʻldi.
Viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan navbatdagi uchrashuvda shu kabi masalalar muhokama qilindi. Unda Hindistonning mikroGESlar qurish faoliyati bilan shugʻullanuvchi “Makleg” kompaniyasi vakili Balram Bhatvaj boshchiligidagi vakillar ishtirok etdilar. Muzokara natijasiga koʻra, hamkorlar ishtirokida Oltinkoʻl, Andijon tumanlari va Xonobod shaharlarida navbatdagi kichik GESlar quriladigan boʻldi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring