Hindistonda pandemiya sabab bolalar nikohi koʻpaydi
Hindistonda koronavirus pandemiyasi munosabati bilan joriy qilingan karantin vaqtida bolalar oʻrtasidagi nikohlar soni koʻpaydi.
Hindistonda bolalar oʻrtasidagi nikoh rasman taqiqlangan boʻlsada, mamlakatda hali ham bu holat saqlab qolingan. Bolalar oʻrtasidagi nikohning koʻpaygani bir nechta shtatda qayd etilgan.
Maxarashta shtatining ayollar va bolalar ishlari boʻyicha departamenti maʼlum qilishicha, shtatda mart oyidan iyun oyigacha bolalar oʻrtasidagi 80 ta nikohning oldi olingan. Telangan shtatida shu vaqt oraligʻida departament 218 ta shunday holatga toʻsqinlik qilgan.
Tamilnad shtatining Tiruvannamalay okrugida iyun oyida bolalar nikohlari soni 40 taga yetgan, oʻtgan ikki yil ichida esa 27 ta shunday nikoh aniqlangandi.
Shuningdek, Odisha shtatida 183 ta, Gʻarbiy Bengaliyada 138 ta, Jarkxand shtatida 56 ta shunday holat qayd etilgan. Bunda nikoh asosan, kichkina qizlar, oʻsmir qizlar hamda yigitlar va katta yoshli erkaklar oʻrtasida boʻladi.
Tiruvannamalaydagi ijtimoiy taʼminot xodimining fikricha, mazkur holatlarning koʻpayishiga COVID-19 “juda yaxshi hissa qoʻshgan”. Xodimning qayd etishicha, karantin fonida oilalar toʻylarni kam sonli mehmonlar bilan kamxarj oʻtkazishi mumkin.
Qayd etilishicha, bolalar oʻrtasidagi nikohning ortishiga yana bir sabab ishsizlik hisoblanadi. Odamlar pandemiya vaqtida ishsiz qolmoqda va ularda moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
Manbaning yozishicha, maktablar yopilganidan keyin ota-onalar har doim ham bolasini boqa olmaydi. Ijtimoiy taʼminot xizmati xodimining maʼlum qilishicha, koʻp hollarda oilalar yana bir odam uchun toʻlashga puli yoʻqligini aytadi. Koʻplab bolalar maktabda bir mahal beriladigan ovqatga bogʻlanib qolgan. Shuningdek, ota-onalar bolalar, ayniqsa, qizlar xavfsizligi masalasida tashvishlanadi. Ota-onalarning fikricha, qizlar maktabga bormagan vaqtda tegajogʻliklar oldida ojiz qoladi.
Hindistonda bolalar nikohlarining hisob-kitobi milliy darajada olib borilmaydi. Baʼzi holatlarda esa bunday nikohlar oshkor qilinmaydi. Shu sababli haqiqiy holat boshqacha boʻlishi mumkin. “Biz koʻrib turganimiz faqat aysbergning uchi”, — deydi ijtimoiy taʼminot xodimi.
The Times of India nashrida qayd etilishicha, Hindistonda qizlar 18 yoshgacha, yigitlar 21 yoshgacha rasman nikohdan oʻtishi mumkin emas. Biroq amaliyotda bu taqiq har doim ham ishlamaydi.
Eslatib oʻtamiz, Hindiston koronavirusga chalinganlar soni boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinda turibdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring