Hindistonda koronavirus fonida yana bir xavfli infeksiya tarqalmoqda
Hindistonda koronavirus bilan bogʻliq vaziyatning yomonlashuvi fonida mukormikoz bilan kasallanish soni koʻpaymoqda. Bu haqda hind ommaviy axborot vositalari xabar tarqatgan.
Qora mogʻor deb ham ataladigan bu noyob infeksiya oʻpkaga taʼsir qiladi. Shu bois mexanik shamollatish apparatida boʻlgan bemorlarda kasallik rivojlanish xavfi yuqoriligi aytilmoqda.
Soʻnggi ikki hafta ichida faqat Gujarat shtatida ushbu yuqumli kasallikning 40 ta holati qayd etilgan va bir nechta bemorlar koʻrish qobiliyatini yoʻqotgan.
Hindiston hukumati kasallikka qarshi kurashish choralarini koʻra boshlagan. Gujarat shtati bemorlarni davolash uchun besh ming inyeksiyaga buyurtma bergan. Ayrim shifoxonalarda mukormikoz bilan kasallanganlar uchun maxsus boʻlimlarni tashkil etildi.
Mukormikoz teri qoplamasi va ichki aʼzolar shikastlanishi bilan ajralib turadi. Bu esa oʻlimga olib kelishi mumkin. Ayrim OAVlar bir nechta fuqaro qora mogʻor bilan kasallanganidan soʻng vafot etgani haqida xabarlar ham tarqatgan.
Hindiston koronavirus tarqalishi boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turibdi. Pandemiya boshidan beri mamlakatda 22,2 milliondan ortiq odam infeksiya bilan zararlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring