Hindiston qishloq xoʻjaligi va fermerlar farovonligi davlat vaziri bilan uchrashuv oʻtkazildi
Oʻzbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov ushbu mamlakat qishloq xoʻjaligi va fermerlar farovonligi davlat vaziri Parshottam Rupala bilan uchrashdi.
Unda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik masalalarining joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Hindiston davlat vaziri Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirish, mazkur yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar va erishilayotgan amaliy natijalarni ijobiy baholadi.
Suhbat davomida sohaga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, xususan, sunʼiy yoʻldoshlar imkoniyatlaridan foydalanib, yer maydonlarini xaritalash, ekinlar hosildorligini kuzatish boʻyicha tajriba almashishga kelishib olindi.
Hamkorlikning yana bir oʻzaro manfaatli yoʻnalishi sifatida sholi yetishtirish boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, shu jumladan ikki davlat ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish masalasi alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, Hindistonning texnik va iqtisodiy hamkorlik dasturi (ITEC) doirasida oʻzbek fermerlari va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi xodimlari uchun oʻquv kurslarini tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi.
Tomonlar har ikki mamlakat hududida yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga oʻzaro fitosanitariya ruxsatnomalarini rasmiylashtirish masalalarini ham muhokama qildi. Mazkur yoʻnalishdagi amaliy ishlarning faollashtirilishi oʻzaro savdo aloqalari rivojiga hissa qoʻshishi eʼtirof etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring