Hech bir bitiruvchi eʼtibordan chetdan qolmaydi
Davlatimiz rahbarining bitiruvchi yoshlarga yoʻllagan tabrigi biz kattalarga ham katta shijoat berdi. Tabrikda “Yangi Oʻzbekiston sharoitida, zamonaviy taraqqiyot talablari asosida taʼlim-tarbiya olgan yosh avlod vakillari sifatida barchangiz davlatimiz, xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yana-da samarali foydalanasiz”, – deya yoshlarga ishonch bildirildi.
Hech bir inson yoʻqki, oʻzining ilk bor maktab ostonasiga va maktab bilan xayrlashishi chogʻini eslamasa. Biz ham yosh boʻlganmiz axir, hozirgi yoshlarga berilayotgan imkoniyat va sharoitlarni koʻrib koʻnglimda qaniydi, men ham yana yosh boʻlib qolsamu shu imkoniyatlar menda boʻlsa degan tuygʻu oʻtadi, albatta.
Yurtboshimizning 438 ming nafar bitiruvchilarga yoʻllagan tabrigi har bir yosh uchun ularning kelgusi ishlarida dasturilamal boʻlishini istardim. Maktabni bitirayotgan farzandlari bor ota-onalar uchun ham bugun boshqacha kun. Ular farzandlari ulgʻayib, katta boʻlganidan bir quvonsalar, ertaga yaxshi oʻqib vatanimiz kelajagi uchun munosib inson boʻlishlaridan, undan-da koʻproq quvonadilar.
Islohotlar taʼlim tarbiyadan boshlanishining mazmun-mohiyati ham aynan yoshlarga ajratilgan sarmoyadir. Bu kelajak yoshlarimiz qoʻlida ekanligini toʻgʻri his qilgan holda qancha qiyin boʻlmasin, byudjetning asosiy qismi ham shu sohaga ajratilishi bejiz emas. Oddiy misol, oʻzimizning oiladan kelib chiqadigan boʻlsak, farzandimizning oʻqishi uchun qancha sharoit qilib, oʻqitsak kelajakda shu farzandimizdan koʻnglimiz toʻq boʻladi. Chunki uning ishi tayin, oilasini va oʻzini bemalol boqa oladi. Shuning uchun oʻylaymanki, har bir ota-ona farzandlari taqdiriga befarq boʻlmasligi lozim.
Soʻnggi 4 yilda 134 ta yangi maktab qurilib, 2965 tasi rekonstruksiya qilinib, jihozlandi. Yurtimizda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda. Hozirgi vaqtda respublikamizda 10 mingdan ortiq davlat umumtaʼlim maktablari, 171 ta nodavlat, 18 ta davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar faoliyat koʻrsatyapti. Jumladan, 56 ta matematika, 28 ta kimyo-biologiya, 14 ta axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi ham yoshlarimizni fan sirlarini puxta egallashlarida katta oʻrin tutadi. Oxirgi paytlarda ayniqsa, aniq fanlarga koʻproq urgʻu berilishida chuqur maʼno bor, deb oʻylayman. Chunki, maktab, ish hamda hayotiy tajribamdan shuni bilamanki, matematika fanidan yaxshi oʻqigan bola kelgusida oʻz yoʻlini tez va toʻgʻri boshqarib ketadi.
Respublikamizda hozirgi kunda137 ta oliy oʻquv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum borligi bitiruvchilarni taʼlimni navbatdagi bosqichi bilan qamrab olish borasida yaratilgan ulkan imkoniyatdir. birgina Surxondaryo viloyati misolida aytadigan boʻlsam, bundan 4 yil oldin viloyatda 1 tagina Termiz davlat universiteti boʻlib, u ham boʻlsa, pedagogika yoʻnalishda edi. Shu boisdan ham bitiruvchilar biror oliy oʻquv yurtiga kirish uchun oʻzi yashab turgan hududdagi institut yoki universitetga hujjat topshirishga majbur boʻlar edi. Bu esa koʻplab oilalarga iqtisodiy qiyinchiliklar tugʻdirardi. Qancha-qancha bilimli yoshlar sharoiti koʻtarmay, oʻrta maʼlumotda qolib ketardi. Keyingi toʻrt yilda mazkur hududda oʻquv dargohlari soni 6 taga yetdi. Bu bitiruvchilar uchun ham, ota onalar uchun ham yurtboshimizning otalarcha gʻamxoʻrligining amaliy ifodasidir. Eng quvonarlisi, test sinovlari bir kun emas, 15 kungacha davom etishi xalqimiz uchun yana-da qulaylik yaratdi. Yoshlarimiz bir vaqtning oʻzida 5 tagacha oliy taʼlim muassasalarida tanlovlarda ishtirok etishi imkoniyatiga ega boʻlishi, bitiruvchi yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 2016-yilda 9 foiz boʻlgan boʻlsa, 2020-yilda 25 foizga yetkazish, joriy yilda 28 foizga, 2030-yilda 50 foizga yetkazishni asosiy vazifa qilib belgilab olinishi yoshlarni oliy maʼlumotli qilish asosiy maqsad qilib belgilanganidan dalolat beradi.
Shunisi quvonchliki, oxirgi bir yarim yilda iqtidorli oʻquvchilarimiz xalqaro olimpiadalarda 4 oltin, 18 ta kumush, 30 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi va bu yoshlarimizning sharoitlardan unumli foydalangani, ustozlarga yaratilgan sharoit va eʼtibor natijasidir.
Bir necha kundan buyon viloyatlarimizda yoshlar forumlari oʻtkazilayotgani yoshlarni bir maqsad sari birlashishiga katta turki berish bilan birga, bu tadbirlar “soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlariga ulanib ketgani yoshlardagi koʻtarinkilik kayfiyatini oshirdi. Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi, deyilishi ham Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami bilan hamohangdir.
Tabrikda maktabni bitirib chiqayotgan bironta bitiruvchi eʼtibordan chetda qolmasligi alohida taʼkidlangani davlat va jamiyatning har bir yosh taqdiri uchun gʻamxoʻrligidan dalolat beradi. Bu qadar eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan soʻng har bir bitiruvchi oʻzining yoʻlini va maqsadini aniq belgilab olishiga ishonchim komil. Bu yoʻlda yoshlarimizga kuch quvvat, shijoat tilab qolamiz.
Mavjuda HASANOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring