Hayotning har lahzasi goʻzal...
Foto: Xalq so‘zi
2020-yili oʻzbek adabiyotining serqirra namoyandalaridan biri Anvar Obidjonning kitobi Misrda ingliz va arab tillarida chop etilib, arab kitobxonlari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan edi. 2021-yili okean orti yurti – AQSHda «Vatanjon» nomli kitobi ingliz tilida koʻp ming nusxada nashrdan chiqdi.
Yaqinda Hindistonda “Hayotning har lahzasi goʻzal...” nomli sheʼriy toʻplami ingliz va hind tillarida adabiyot muxlislari eʼtiboriga havola etildi.
Bu kitob filologiya fanlari doktori, adabiyotshunos olima Hulkar Hamroyeva hamda ijodkorning farzandi Bahrom Obidjonovlar tomonidan nashrga tayyorlandi. Toʻplam tarjimoni Asror Allayorov boʻlib, unda asosan shoirning bolalarga bagʻishlangan sheʼrlari jamlangan.
Taʼkidlash oʻrinliki, Hulkar Hamroyeva shu kunga qadar Anvar Obidjon ijodi haqida Xitoy, Hindiston, Germaniya, Turkiya, Yaponiya, Rossiya, Ispaniya, Fransiya kabi rivojlangan davlatlardagi nufuzli nashrlarda koʻplab maqolalar eʼlon qildi. Shuningdek, suyukli shoirimizning eng sara sheʼrlari nemis va ispan tillariga tarjima qilinishida faollik koʻrsatdi. Ayni kunlarda esa Anvar Obidjonning yana bir kitobi Ozarbayjonda ozar tilida nashrga tayyorlanmoqda.
Anvar Obidjon bugun oramizda yoʻq. Ammo uning boy ijodiy merosi, bebaho asarlari qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqilmoqda. Quvonarlisi, adib merosidan nafaqat xalqimiz, balki dunyoning turli qitʼalarida yashovchi kitobxonlar bahramand boʻlyapti.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring