Harbiylar uchun bayram tuhfasi

14:01 23 Dekabr 2021 Jamiyat
740 0

Foto: Халқ сўзи

Markaziy harbiy okrugining Samarqand garnizonidagi harbiy qismda zamonaviy bino foydalanishga topshirildi.

Mudofaa vazirligi hamda Samarqand harbiy-maʼmuriy sektori mablagʻi evaziga barpo etilgan binoda harbiy okrug boshqaruv apparati, tarix, axborot texnologiyalari, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik hamda jangovar tayyorgarlik oʻquv xonalari oʻrin olgan.

Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Erkinjon Turdimov, mudofaa vaziri oʻrinbosari, polkovnik Alisher Norboyev, okrug qoʻmondonligi va Samarqand harbiy prokuraturasi vakillari ishtirok etdi.

— Zamonaviy qulayliklar harbiy xizmatchilarda Milliy Armiyamiz qudratini yurakdan his etib, oʻz burchini sadoqat bilan ado etishida mustahkam poydevor boʻladi, — deydi mudofaa vaziri oʻrinbosari A. Norboyev. — Ahamiyatlisi, bunday binolarda harbiylar axborot texnologiyalari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirishi, dasturlash, modellashtirish hamda simulyatsiya dasturlaridan foydalanishi hamda boʻlinmalarning jangovar harakatlarini olib borish va boshqarishda axborot texnologiyalarini qoʻllashi mumkin.

Marosimda qurilishda jonbozlik koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar hamda quruvchi-pudratchilar Mudofaa vazirligi hamda okrug qoʻmondonligi tomonidan ragʻbatlantirildi.

Mazkur obyekt harbiylarga Vatan himoyachilari kuni arafasida munosib bayram tuhfasi boʻldi, deyish mumkin.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер