“Harakatlar strategiyasi sarhisobi” nomli navbatdagi infografik toʻplam chop etildi
2023-yilning 27-yanvar kuni Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasining anjumanlar zalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan tayyorlanib chop etilgan “Harakatlar strategiyasi sarhisobi” nomli infografik toʻplamning taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Taqdimotda Markaz rahbari Eldor Tulyakov ushbu toʻplamni tayyorlash jarayoni, undan koʻzlangan maqsad hamda kutilayotgan natijalarga toʻxtalib oʻtdi.
– 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinib, uning ijrosi taʼminlanishi ortidan islohotlarning yuqori natijalariga erishildi, – dedi Eldor Tulyakov. – Harakatlar strategiyasiga muvofiq, barcha sohalardagi rivojlanish, avvalo aholining turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratildi.
Shunga muvofiq ravishda, 2017–2021-yillarda mamlakatda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini qurish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqning osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratish, xalqaro maydonda Oʻzbekistonning munosib oʻrin egallashiga qaratilgan kompleks chora- tadbirlar amalga oshirildi.
Mazkur risolada yuqorida keltirilgan strategik hujjat doirasida amalga oshirilgan eng muhim islohotlar qiyosiy-tahliliy shaklda tayyorlanib, u keng jamoatchilik, jumladan ekspert-tahlilchilar, siyosatchilar va xalqaro hamjamiyat uchun qulay tarzda bayon etilgan.
Toʻplamda har bir ustuvor yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijalari yillar kesimida xronologik uslubda aks ettirilgan. Bu esa, jamiyatdagi har bir insonga, xoh u davlat xizmatchisi boʻlsin, xoh oddiy fuqaro ularning barchasiga toʻplamda bayon etilgan maʼlumotlarni sodda va xalqchil tilda tushunish imkonini beradi. Har bir fuqaro oʻzini qiziqtirgan yoʻnalish boʻyicha maʼlumotlar bilan yillar kesimidagi tahlillar misolida tanishib chiqadi.
Jumladan, byudjet va soliq siyosatini takomillashtirish borasidagi islohotlar natijasida qoʻshilgan qiymat soligʻi 2017-yildagi 20 foizdan, 2021-yil yakuniga kelib 15 foizga, amaldagi soliq turlari esa, 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish koʻrsatkichi 27.7 foizdan, 67 foizga, OTMlar soni 70 tadan 154 taga yetkazildi. Toʻplamda bu kabi maʼlumotlar barcha yoʻnalishlarda qator misollar orqali aks ettirilgan.
Oʻz navbatida, toʻplam parlament aʼzolari, davlat va nodavlat tashkilotlari, taʼlim muassasalari, OAV vakillari va ekspert-tahlilchilarning ish faoliyatida ham muhim hujjat sifatida asqotadi.
Hozirda toʻplam markaz ekspertlari tomonidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga oʻgirilmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad esa, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari bilan xalqaro hamjamiyatni ham yaqindan tanishtirib borishdan iboratdir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring