Har yili qaysi shifokor koʻrigidan oʻtish va qanday tahlillar topshirish kerak?
Koʻpgina kasalliklarning boshlanishi alomatlarsiz kechishi, ogʻriq muammo jiddiylashgandagina paydo boʻlishi mumkin. Shu sababli oʻz vaqtida oʻtkazilgan tibbiy tekshiruv va tahlillar xastaliklarni hali belgilari namoyon boʻlmasdan avval aniqlashga yordam beradi.
Har bir inson hech boʻlmaganda yilda bir marta oʻtishi kerak boʻlgan 10 ta tekshiruv va tahlillarni keltirib oʻtmoqchimiz.
Oilaviy shifokor tekshiruvi
Odatiy qabul davomida boʻy, vazn, arterial qon bosimi oʻlchanadi, qanday shikoyatlar borligi soʻraladi. Ushbu dastlabki tekshiruv shifokorga fuqaro uchun mutaxassislar va tahlillarning individual roʻyxatini yaratish imkonini beradi. Yaʼni, shaxsning holatiga qarab, keyingi tahlillar uchun kerakli mutaxassislarga yuboradi.
Umumiy qon tahlili
Bu tahlil, birinchi navbatda, organizmda yalligʻlanish jarayonlari mavjudligini tekshirishga yordam beradi. Uning natijalariga koʻra, qon kasalliklari yoki kamqonlik, ichki qon ketish, yurak-qon tomir, autoimmun, saraton va boshqa xastaliklar bor-yoʻqligiga ishoralarni koʻrish mumkin boʻladi. Agar muammo aniqlansa, shifokor qoʻshimcha tahlillarni buyuradi.
Qondagi qand miqdorini aniqlash
Yilda bir marta hamma uchun bunday tekshiruvdan oʻtish tavsiya etiladi. Ammo 45 yoshdan oshgan va ortiqcha vaznga ega boʻlganlar uchun bu, ayniqsa, muhimdir. Agar qand miqdori yuqori yoki past boʻlsa, shifokor bemorni endokrinolog va boshqa tor soha mutaxassislari koʻrigiga yuboradi.
Qon biokimyoviy tahlili
Uning natijalariga koʻra, ichki organlar — yurak, jigar, buyraklar, oshqozon osti bezi va boshqalarning normal ishlashi aniqlanadi. “Biokimyo” umumiy qon tahliliga qaraganda koʻproq maʼlumot bera oladi. Uning yordamida aynan qaysi organda muammo borligini aniqlash mumkin. Zarur hollarda qoʻshimcha tekshiruvlar, jumladan, PZR testlari va ultratovush tekshiruvi buyuriladi.
Umumiy peshob tahlili
Baʼzi kasalliklarni peshob rangi, uning shaffofligi va choʻkindi mavjudligidan bilish mumkin. Bunday tekshiruv tufayli siydik yoʻli tizimi (shu jumladan buyraklar) va boshqa kasalliklar bilan bogʻliq muammolarni koʻrsatadigan yalligʻlanish jarayonlari aniqlanadi. Umumiy peshob tahlili natijalari kasalliklarni aniqlashga yordam beradi, biroq u bilan toʻliq tashxis qoʻyib boʻlmaydi.
Elektrokardiogramma
Kardiogramma lentasidan 500 ga yaqin yurak kasalliklarini aniqlash mumkin. Bundan tashqari, kardiogrammadan nafaqat boshdan kechirilgan yurak xastaliklari, balki kelajakda tahdid solishi mumkin boʻlgan muammolarni ham baholash uchun foydalanish mumkin. Masalan, yurak xuruji xavfi haqida ham bilsa boʻladi.
Flyuorografiya
Afsuski, sil kasalligining dastlabki bosqichlarida hech qanday alomat boʻlmasligi mumkin. Ammo bu xavfli kasallik erta aniqlansa, uning rivojlanishini toʻxtatish mumkin. Zamonaviy apparatlar yuqori sifatli tasvirlarni taqdim etadi, shuning uchun kasallik haqida oʻz vaqtida bilish hozir ancha qulay.
Gastroskopiya
Bu yoqimsiz tekshiruv oshqozon va oʻn ikki barmoqli ichak kasalliklari — gastrit, oshqozon yarasi yoki oʻsma kabilarni koʻrish imkonini beradi. 45 yoshdan oshganlar va xavf ostida boʻlganlar (chekuvchilar, spirtli ichimliklar, fastfud va qahvani sevuvchilar) bu tekshiruvdan har yili oʻtganlari maʼqul.
Oftalmolog koʻrigi
Yaqin va uzoqni koʻra olmaslik hamda astigmatizm kabi holatlarda, hatto, koʻrish qobiliyati yomonlashmagandek tuyulsa ham, har yili ushbu mutaxassis tekshiruvidan oʻtib turish maqsadga muvofiq. Hatto koʻzlari yaxshi koʻradiganlar ham yilda bir marta oftalmolog koʻrigiga borganlari maʼqul. Bunda shifokor nafaqat koʻrish qobiliyatini tekshiradi, balki koʻz tubi holati va koʻz ichki bosimini ham oʻlchaydi. Ushbu manipulyatsiyalar soʻqirlikka olib keluvchi glaukoma va katarakta xavfini oʻz vaqtida aniqlashga imkon beradi.
“Erkaklar” va “ayollar” shifokorlari koʻrigi
Koʻpchilik bunday tekshiruvlarni zarur emas deb hisoblaydi. Ammo ayollar uchun ginekolog va mammolog, erkaklar uchun urolog va proktolog koʻrigidan oʻtib turish saraton va boshqa koʻplab kasalliklarni oʻz vaqtida aniqlash va muvaffaqiyatli davolash imkonini beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring