Har yili 1 million nafargacha aholida virusli gepatit “V” va “S” turlariga skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi

07:56 17 May 2022 Jamiyat
1220 0

Foto: Illustrativ foto

Prezidentimizning “Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Unga koʻra, quyidagilar aholi orasida ayrim virusli infeksiyalarni oʻz vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash boʻyicha aholiga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilandi:

— virusli gepatitlarning “V” va “S” turlarini erta aniqlash uchun barcha hududlarni qamrab oluvchi skrining tekshiruvlarini oʻtkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish;

— kasallik yuqishi xavfi yuqori boʻlgan shaxslarni, shu jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlarini gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlash bilan toʻliq qamrab olish;

— skrining tekshiruvlarida virusli gepatit “S” turi aniqlangan bemorlarni davolash jarayonida dori vositalari bilan bepul taʼminlash;

— sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinida virusli infeksiyalarni aniqlash uchun sarflov materiallari (reagent va test-toʻplamlari) bilan bosqichma-bosqich toʻliq taʼminlash;

— barcha davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reyestrini yaratish va uni yuritish;

— vaksinalar, test-toʻplamlari va virusga qarshi dori vositalarining xavfsizligi, sifati va samaradorligi nazoratini takomillashtirish;

— virusli infeksiyalar muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish, kasalliklarni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;

— virusli infeksiyalar yuqishining oldini olish tadbirlari boʻyicha aholi oʻrtasida keng qamrovli tushuntirish, targʻibot va tashviqot ishlarini olib borish.

Qarorga asosan:

— 2022–2025-yillarda ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish boʻyicha dastur;

— 2022–2023-yillarda epidemiologik koʻrsatmaga muvofiq, davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot xodimlarini gepatit “V” infeksiyasiga qarshi emlash boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar tasdiqlanadi.

Shuningdek, 2022-yil 1-iyuldan boshlab:

— har yili respublika aholisini virusli gepatit “V” va “S” turlariga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha, polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit “S” turi bilan kasallangan bemorlarni davolash 10,5 ming nafargacha yetkaziladi;

— 2022-yil 1-sentyabrdan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 190-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni belgilash bilan birga ularni oʻz hisobidan gepatitning “V” va “S” turlariga skrining tekshiruvlaridan oʻtkazish tartibi joriy etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер