“Har birimiz kuchli boʻlgan taqdirdagina SHHT ham kuchli boʻladi”

10:24 12 Noyabr 2020 Siyosat
914 0

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida oʻtgan navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Mazkur anjumanda davlatimiz rahbari tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar delegatsiyalarining rahbarlari eʼtiborini xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yechimiga qaratdi. Bugungi xalqaro ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar hamda pandemiya davri taʼsiridan kelib chiqqan holda SHHTning dolzarb vazifalari yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini bildirdi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari alohida eʼtibor talab qilayotganligini, savdo-iqtisodiy aloqalar va sanoat kooperatsiyasini jonlantirish masalalari ustuvor vazifa boʻlib qolayotganligini taʼkidladi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivojlantirishda oʻzaro savdodagi toʻsiqlarni bartaraf etish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, ularni uygʻunlashtirish va raqamlashtirish, aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi elektron tijoratni rivojlantirish, oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirishga qaratilgan qoʻshma dasturlarni amalga oshirish takliflarini ilgari surdi.

Bugungi kunda butun dunyoda boshlangan raqamlashtirish jarayonlari pandemiya sabab yana-da tezlashdi. Axborot texnologiyalari iqtisodiy oʻsish “drayveri”ga aylanib bormoqda. Shu boisdan Prezidentimiz tomonidan SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni har tomonlama yuqori bosqichga olib chiqish uchun oʻquv dasturlari asosida aholini oʻqitish, soha mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan SHHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Bugungi pandemiya davrida barcha davlatlar oldida turgan eng muhim muammolardan biri bu aholi salomatligini asrash boʻlib qolmoqda. Bugun insoniyat ilgari maʼlum boʻlmagan infeksiyalar bilan duch kelmoqda. Ularga qarshi kurashish kundalik turmushimizning bir qismiga aylanmoqda. Shu boisdan SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish orqali aholi sogʻligʻiga xavf tugʻdirayotgan yangi xatar va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish har qachongidan-da muhim boʻlib qolmoqda.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari sammitda Epidemiya tahdidlariga qarshi kurash boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarning kompleks rejasini qabul qilish tashabbusini ham ilgari surdi.

Shuningdek, sammit doirasida har doim kun tartibining eng asosiy masalasi boʻlib kelayotgan Afgʻonistonda uzoq kutilgan tinchlikka erishish boʻyicha olib borilayotgan ishlar hamda amalga oshirilishi lozim boʻlgan rejalarga ham toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, ushbu mamlakatdagi xavfsizlik va tinchlik masalasiga butun SHHT mintaqasining barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlashning muhim tarkibiy qismi sifatida qaralishi lozim. Oʻzbekistonning doimiy tashabbusi hamda SHHT davlatlarining saʼy-harakatlari tufayli Afgʻonistonda nizoni tinch yoʻl bilan bartaraf etishda umidbaxsh istiqbollar koʻzga tashlanmoqda.

Sammit doirasida davlatimiz rahbari tomonidan Afgʻoniston xalqiga iqtisodiy yordam koʻrsatish yoʻlidagi ijobiy intilishlarni qoʻllab-quvvatlash uchun saʼy-harakatlarni birlashtirish, “SHHT-Afgʻoniston” muloqot guruhi doirasida Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda ishlab chiqish va qabul qilish haqidagi tashabbus ham ilgari surildi.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan bugun SHHTga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlaridagi eng muhim vazifalar yuzasidan hayotiy kechiktirib boʻlmas tashabbuslar ilgari surildi. Galdagi vazifa sifatida biz parlament aʼzolari mazkur tashabbuslar doirasida Oʻzbekistonda amalga oshiriladigan ishlarning natijadorligini toʻlaqonli nazorat qilishimiz hamda SHHT doirasidagi parlamentlararo aloqalarni har qachongidan-da kuchaytirish orqali belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlashimiz zarur.

Zuhra IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер