Har bir oila — tadbirkor
Foto: «Халқ сўзи»
Fargʻona viloyati Buvayda tumani “Jov” MFYda yashovchi Salohiddin Mahkamov “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida bankdan kredit olib, oʻz tomorqasida 4 sotixli issiqxona barpo etdi.
Issiqxonaga limon koʻchatlari ekib, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini qoʻlladi. Moʻl hosilga kirgan limondan oʻtgan yili 2 tonna hosil olindi. Bugungi kunda bozorda 1 kg limon oʻrtacha 17-20 ming soʻm ekanligini inobatga olsak, mirishkor oilaning birgina limondan olayotgan daromadini hisob-kitob qilish qiyin emas.
Oila aʼzolari daromadlari evaziga tomorqasining 2,2 sotixiga qoʻshimcha issiqxona qurdi. Issiqxonadan oʻtgan yil ilk koʻklamda bodringdan yaxshi daromad olishdi. Avgust oyida ekilgan sarimsoqpiyozlar ayni kunda baravj oʻsmoqda. Bu hosil yigʻishtirib olingach, fevral oyida pomidor koʻchatlari ekiladi.
Tomorqadan yiliga toʻrt marotaba hosil olayotgan tinib-tinchimas oila tomorqaning qolgan qismiga yana bitta yangi issiqxona qurishni rejalashtirmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring