Har bir ayol eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan chetda emas
Xotin-qizlarning jamiyatda, oilada mustahkam oʻringa ega boʻlishini taʼminlash borasida soʻnggi yillarda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, opa-singillarimiz salomatligini saqlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Bu borada biz xalq vakillarining vazifasi nimadan iborat boʻlishi kerak? Avvalo, har oyda saylovchilar bilan uchrashganda, ayollarimizning muammolarini soʻrash asnosida davlat rahbari tomonidan yaratilgan imkoniyatlarni oddiy, sodda tilda tushuntirishimiz shart. Toki markazdan tortib yurtimizning eng chekka hududlarigacha joriy yil yakuniga qadar qariyb 9 million ayolni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan, jumladan, saraton skriningidan oʻtkazish vazifasi qoʻyilganini, ehtiyojmand ayollarning davolanishi uchun har yili Xotin-qizlar jamgʻarmasiga qoʻshimcha 30-50 milliard soʻm ajratilishidan birdek xabardor boʻlsin, undan samarali foydalanish yoʻllarini bilsin, davlat ular haqida qaygʻurayotganini his etsin.
Prezident tashabbusi bilan Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etilgani nozik xilqat vakillariga koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yana bir yorqin ifodasi boʻldi, desak ayni haqiqat. Zotan, ushbu Kengashlar xotin-qizlar oʻrtasida maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, ularning tibbiy savodxonligini oshirish, qonuniy manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilish, oila institutini rivojlantirish, uy bekalarining turmush tarzini, dunyoqarashini yana-da yaxshilash va turli maʼnaviy-mafkuraviy xurujlardan asrash kabi dolzarb maqsadlarga xizmat qilishi koʻzlangani bilan ahamiyatlidir.
Umuman, hayotimizning fayzu farishtasi boʻlgan munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimizga munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, ularni rozi qilish Prezidentimiz boshchiligida bugungi kunda barcha darajadagi rahbarlarning nafaqat xizmat vazifasi, balki, eng avvalo, insoniy burchiga aylangan. Toʻgʻrisini aytishim kerak, mamlakatimizdagi xotin-qizlarning bir vakili sifatida bunday gʻamxoʻrlikdan quvonaman.
Shahnoza XOLMAXAMATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring