Hamshiralarning bilim va tajribasi sinovdan oʻtkazildi

11:21 14 Mart 2025 Jamiyat
167 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Tibbiyot sohasida hamshiralarning oʻrni beqiyos. Zero, aholi salomatligini nazorat qilish va bemorlarni davolashda ularning zimmasiga katta masʼuliyat yuklatilgan. Shu bois soha xodimlari malakasini oshirish va tajribasini ommalashtirish muhim ahamiyatga ega. Respublika tez tibbiy yordam markazi tomonidan tashkil etilgan “Hamshira – 2025” respublika koʻrik-tanlovidan koʻzda tutilgan maqsad ham shundan iborat.

Andijon shahrida tanlovning viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda shahar va tumanlardagi tanlovlarda faol ishtirok etgan 7 nafar hamshira nafaqat nazariy bilimi, balki amaliy tajribasini ham namoyon etdi. Bemorlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatishdan tortib, favqulodda vaziyatlarda bajarilishi muhim boʻlgan amaliyotlar tanlov shartlaridan oʻrin oldi.

— Inson qancha koʻp bilgani sari shuncha oz bilishi ayon boʻlaverar ekan, — deydi tanlovning viloyat bosqichi gʻolibi, Qoʻrgʻontepa tumani tez tibbiy yordam boʻlimi hamshirasi Sadoqatxon Xolboyeva. — Ushbu koʻrik-tanlovda ishtirok etgunga qadar sohaga oid bilimlarim yetarli, deb oʻylagan edim. Biroq hamkasblarim tajribasi bilan tanishish davomida hali oʻrganishim kerak boʻlgan uslublar mavjudligi ayon boʻldi. Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, tanlov men uchun tajriba almashish va mahorat maktabi vazifasini ham oʻtadi.

Ayni paytda viloyatda 3 ming 115 nafar hamshiralar faoliyat olib bormoqda. Ularning kasbiy mahorati va malakasini oshirish, tajribasini ommalashtirish borasidagi saʼy-harakatlar natijasida aholi va bemorlarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish darajasi ham ortib bormoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер