Hammada kasallik turlicha kechyapti. Koronavirusning eng koʻp tarqalgan simptomlari qaysilar? — dolzarb savollarga aniq javoblar
AOKAda oʻtkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Barno Abdusamatova koronavirus infeksiyasi va uni davolash boʻyicha muhim savollarga javob qaytardi.
Savol: Men homiladorman, oʻzimni yaxshi his qilyapman, lekin PZR test natijalari musbat chiqdi. Qanday muolaja olishim kerak?
Javob: Izolyatsiya va davolash tadbirlari ixtisoslashgan (COVID-19 boʻyicha maxsus tugʻruq kompleksda) yoki uyda (oʻz-oʻzini izolyatsiya qilgan holda) amalga oshiriladi.
Homiladorlik davrida oʻsayotgan homila ayolning oʻpka va yuragini bosa boshlaydi, bu esa organizmda qon aylanishini qiyinlashtiradi. Agar homilador ayol COVID-19 bilan jiddiy kasallangan boʻlsa, bu uning ahvolini yomonlashtiradi va nafas olishni qiyinlashtirishi mumkin. Shuning uchun bunday ayollar kuzatuvda boʻlishlari shart.
Kasallikning yengil yoki asimptomatik shakliga gumon qilingan bemorni tibbiyot muassasasi yoki uy sharoitda kuzatish toʻgʻrisidagi qaror har bir maʼlum holatda individual ravishda, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga yordam koʻrsatishning mahalliy marshrutini hisobga olgan holda qabul qilinadi.
Shuningdek, ushbu qaror klinik koʻrinish, qoʻllab-quvvatlovchi davolanishga boʻlgan ehtiyoj, ogʻir asoratlar yuzaga kelib chiqishi mumkin boʻlgan potensial xavf omillari va uy sharoitlariga, shu jumladan, bemor zaif odamlar bilan birgalikda yashashiga bogʻliq boʻladi.
Homilador ayollarda quruq yoʻtal, haroratni koʻtarilishi, nafas qisilishi, holsizlik, ishtaha yoʻqligi, mushakda ogʻriq alomatlari paydo boʻlganda uydan chiqmagan holda yashash manzilidagi uchastka shifokoriga yoki ayollar maslahatxonalariga tibbiy yordam uchun murojaat qilishlari zarur. Imkon qadar tibbiy yordam uchun erta murojaat qilish va davolashni erta boshlash kerak, bu esa sezilarli darajada sogʻayishni taʼminlaydi.
Homiladorlar uchun eng xavfsiz dori-vosita paratsetamol hisoblanadi. Ushbu dori vositasini qabul qilsa boʻladi, lekin miqdori kuniga 4 g.dan oshmasligi kerak. Koʻproq suyuqlik ichib turish tavsiya etiladi.
Esda tutish lozim! Homiladorlik davrida har xil dorilarni shifokor nazorati va tavsiyasisiz ichish man etiladi.
Statsionarga gospitalizatsiya qilish uchun koʻrsatmalar quyidagilardir:
—yuqori isitma, yoʻtal kuchayishi, nafas qisilishi va tez-tez nafas olish, shuningdek, yondosh somatik kasalliklarning simptomlari kuchayib borishi.
Savol: Hammada kasallik turlicha kechyapti. Koronavirusning eng koʻp tarqalgan simptomlari qaysilar?
Javob: Eng koʻp tarqalgan simptomlardan biri isitma - 88 % bemorda; quruq yoʻtal - 68%; lohaslik - 38%; yoʻtalda balgʻam ajralishi - 33%; nafas qisishi - 18%; tomoq ogʻrishi - 14%; bosh ogʻrigʻi - 14%; mushaklarda ogʻriq - 14%; qaltirash - 11%.
Kamdan-kam holatlarda koʻngil aynishi va qusish (5%), burun bitishi (5%) va diareya (4%) kuzatiladi. Tumov COVID-19 alomati hisoblanmaydi.
Savol: Nega har kuni yangiliklarda tuzalayotganlar foizi koʻpayib borayotgani aytilayotganiga qaramasdan chet davlatlaridan mutaxassislar taklif qilinyapti?
Javob: Toʻgʻri, hozirgi kunda Oʻzbekistonga bir qator davlatlardan, jumladan Turkiya, Koreya, Xitoy, Germaniya, Rossiyadan mutaxassislar oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashish, amaliy yordam berish hamda zarur boʻlsa kerakli tavsiyalar berishga tashrif buyurmoqdalar.
Pandemiya tez rivojlanayotganligi sababli, butun dunyo olimlari ham bir joyda toʻxtamayaptilar, ular doimiy izlanishdalar. Virusning yangi qirralari hamda yangi davolash usullari ustida muntazam ish olib borilmoqda. Xozirgi kunga kelib, kasallar soni, uning kechishi hamda JSST tavsiyalari kasallikni oʻrgangan sari oʻzgarib borganligi sabab tavsiyalar ham oʻzgarib borishi tabiiy hol.
Har bir davlat tavsiyalarni mahalliy sharoitlarga moslashgan holda ishlab chiqadi va har qanday vaqtda uni toʻldirishi yoki oʻzgartirishi mumkin. Shuning uchun rivojlangan mamlakatlarning malakali mutaxassislari bilan muntazam tajriba almashib turish hozirgi kun talabi hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring