Hamma aytgan gap boʻlsa ham, aytaman...
...Oʻsha kuni kech soat 10 larda uyga qaytayotgan edim. Shu vaqtda telegram ijtimoiy tarmogʻidan menga tabriklar kela boshladi. Mustaqillik bayrami bilan tabriklar boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Koʻzim tushdi-yu, oʻqishga imkonim boʻlmadi. Uyga yetib borib, xabarlarni oʻqidim. Mukofot va orden haqida gap ketgan. Shunda farmonni qidirib topib, oʻz koʻzlarim bilan koʻrgach, ism-sharifimni oʻqimaguncha ishona olmadim. Sababi, kutilmagan bu xabar meni shoshirib qoʻydi. Adashmadimikin, degan xayol ham yoʻq emas. Xursandchiligimni oila aʼzolarimga ham aytdim. Ular bilan baham koʻrdim. Hamma aytgan gap, deb oʻylarsiz. Lekin bu mukofot berilgandan keyin hayajon bilan birga oʻzimda javobgarlik, masʼuliyat yanada oshganini his qilyapman. Bu sharafga, eʼtirofga munosib boʻlishim kerak, degan oʻy-xayollar ogʻushida yuribman. Rejalar tuzyapman, maqsadlar qilyapman. Ishimga boshqacha koʻz bilan qarab, yangiliklar qilishim kerakmi yoki faoliyatim sifatini oshirish kabi fiklarim bor. Ochigʻi, munosib boʻlish haqida bosh qotiryapman.
Bugun bank va kredit tashkilotlari faoliyatini jonlantirish bilan bogʻliq qonunchilikni takomillashtirish, ularning ishini rivojlantirish masalalari ustuvor sanaladi. Qoʻmitamiz shu kunlarda sohaga aloqador qonunni birinchi oʻqishda majlisga olib chiqish ustida ishlayapti. Loyihani chuqur oʻylab, belgilangan topshiriqlarni inobatga olgan holda puxta shaklda tayyorlash lozim.
Shuningdek, soliq siyosati boʻyicha ham tashabbuslar kutilmoqda. Soliq kodeksi amaliyotga joriy etilgan. Biroq unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish ham talab etilmoqda. Masalan, soliq maʼmurchiligiga taalluqli boʻlgan, soliq stavkalari va ular qay darajada tadbirkorlar talablariga mosligini oʻrgangan holda takliflar tayyorlash koʻzda tutilgan. Soliq yuki biznes egalarini qanchalik qoniqtiryapti va byudjetga daromadlar toʻlaqonli tushishini nazorat qilish ham bevosita vazifalarimizdan sanaladi.
Bu yangilanishlar asosi keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil va keng koʻlamli islohotlar, iqtisodiyot va jamiyat ijtimoiy hayotini muvozanatli rivojlantirishga borib taqaladi. Birgina iqtisodiyot sohasini olsak, oʻtgan qisqa davr mobaynida tarmoqda tizimli ishlarning yoʻlga qoʻyilishi uni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Xususan, milliy valyutamiz – soʻmning erkin konvertatsiyasi joriy etilgani, soliq va byudjet siyosatining yangi asosda shakllantirilgani, tadbirkorlikning huquq va manfaatlarini muhofazalash yanada kuchaytirilgani, ular faoliyatini rejadan tashqari, muqobil tekshirishlarning bekor qilingani milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga, tarmoqlarda jahon standartlariga mos, tashqi bozorlarda xaridorgir mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishda muhim omil boʻlmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida keltirilganidek, 2017-2020-yillarda mamlakatimizning iqtisodiy oʻsish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetdi. Tashqi savdo aylanmasi 2016-yildagi 24 milliard dollardan 2020-yilda 36 milliard dollarga koʻpaydi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 369 trillion soʻmni tashkil qilib, 2016-yilga nisbatan 23,4 foizga oʻsdi. Natijada sanoat mahsulotlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,5 foizdan 27,4 foizga koʻtarildi.
Islohotlarimiz samarasining turli xalqaro reytinglarda tan olinishi mamlakatimiz uchun xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatini yaratdi. Jumladan, joriy yilda 635 million dollarlik va 2,5 trillion soʻmlik davlat yevroobligatsiyalari, Ipoteka bankining 785 milliard soʻmlik va “Oʻzavtomotors” aksiyadorlik jamiyatining 300 million dollarlik korporativ obligatsiyalari chet el investorlariga sotildi.
Sarmoyadorlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga boʻlgan ishonchini keskin oshirishga muvaffaq boʻldik. Investitsiyalarning umumiy hajmi qisqa muddatda 2,1-martaga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobarga yaqin oʻsgani ham buning isbotidir.
Yurtimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarning yana bir oʻta muhim jihati, ularning hududlarni kompleks va jadal rivojlantirishga qaratilganidir. Bu borada mahalliy byudjetlarning yuqori byudjetlarga boʻlgan bogʻliqligini keskin kamaytirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet mablagʻlarini boshqarishdagi mustaqilligi va masʼuliyatini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar barcha boʻgʻindagi byudjetlarning barqarorligini taʼminlovchi tizimni yaratibgina qolmay, Davlat byudjetining samarali ijrosini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Umuman olganda, mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligini taʼminlash, aholi daromadlarini oshirish bilan bogʻliq islohotlarga befarq boʻlmaslik, ularning takomillashuviga biroz boʻlsa-da hissa qoʻshish biz, deputatlar uchun ham farz, ham qarz, deb bilaman.
Mukofot va eʼtiborni esa bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish va ish sifatini oshirish uchun berilgan ragʻbat deb bilaman.
Sharofiddin NAZAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi,
“Doʻstlik” ordeni sohibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring