Hamkorlik shartnomasi imzolandi

19:17 01 Iyul 2022 Jamiyat
1782 0

Foto: "Xalq so‘zi"

Oʻz sohasining bilimdoni boʻlgan kadrlar doimo qadrlanadi. Deylik, paxta-toʻqimachilik klasterlari uchun hozir malakali agronom, entomolog, konstruktor, dizaynerlarga ehtiyoj katta. Xitoy faylasufi Konfutsiy taʼkidlaganidek, agar xalqingni bir yil muddatga boqmoqchi boʻlsang, gʻalla ek, oʻn yil vaqt mobaynida boqmoq esang, mevali daraxt koʻchati oʻtqaz. Mabodo, xalqim asrlar osha farovon turmush kechirsin desang uni ilmli qil.

Buxoro davlat universitetida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi, iqtisodiyot fanlari doktori, “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov bilan oʻtkazilgan uchrashuv  chogʻida  aynan yetuk, bilimli, zukko kadrlar tayyorlash masalasi ustuvor oʻrin tutdi. Zero, biror bir millat ilmsiz taraqqiyot yoʻliga tushgan emas. Jadidlar oʻz vaqtida bu haqida jon kuydirib soʻzlaganlar, yoshlarni odobli ilm olishga daʼvat etganlar.

Foto: "Xalq so‘zi"

— Keyingi besh yil ichida barcha jabhalarda inqilobiy oʻzgarishlar yuz berdi, — deya taʼkidladi tadbir avvalida M. Rahmatov. — Bu bevosita qishloq xoʻjaligiga ham daxldordir. Negaki, mamlakatimizda aholining 50 foizdan ziyodi qishloq xoʻjaligida band. Qolaversa, sohani moliyalashtirishga alohida eʼtibor qaratilishi bejiz emas. Chunki agrar soha davlatning oziq- ovqat zaxirasi sanaladi. Uning bandlik masalasini hal etishdagi, eksportdagi oʻrni ham katta. Masalan, Vyetnamda paxta yetishtirilmaydi. Lekin bu davlat paxta-toʻqimachilik sanoatidan yiliga 50 milliard dollar daromad olmoqda. Bizda esa bultur 3 milliard AQSH dollariga yaqin miqdorda toʻqimachilik mahsulotlari eksport qilindi.

Senator Oʻzbekistonda paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, bu boradagi qiyinchilik va muammolar haqida ham atroflicha fikr-mulohaza yuritdi. Klasterlarning afzal jihatlariga toʻxtaldi. Ilmni amaliyot bilan uygʻunlashtirish masalalariga eʼtiborni qaratdi.

— Yevropa davlatlarida bilim olish, oʻrganishni eng zarur hayotiy masala deb bilishadi, — dedi jumladan senator. — Yevropaliklarning qoʻlidan kitob, gazeta tushmaydi. Biz ham aholi, xususan, yoshlarimizda ana shunga koʻnikma hosil qilishimiz darkor.Toki, ular orasidan  kuchli mutaxassislar yetishib chiqsin. Busiz taraqqiyotni tasavvur etib boʻlmaydi.

Foto: "Xalq so‘zi"

Uchrashuvda mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar muhim bosqichga kirgani taʼkidlanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan eʼlon qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasiga faol qatnashish zarurligi taʼkidlandi.

Tadbirda universitet professor-oʻqituvchilari va talabalari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Yakunda iqtisodiyot fanlari doktori M. Rahmatovning “Yangi Oʻzbekiston Uchinchi Renessans ostonasida” nomli kitobi taqdimoti oʻtkazildi. Buxoro davlat universiteti hamda “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi oʻrtasida hamkorlik shartnomasi tuzildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер