Hamkorlik aloqalarining yangi ufqlari
Joriy yilning 28-oktyabr kuni Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) Parlamentlararo Assambleyasining kuzgi sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Tojikiston Respublikasi Majlisi Olii Majlisi Namoyandagon Raisi Mahmadtoir Zoir Zokirzoda bilan uchrashdi.
Keyingi yillarda ikki davlat Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati natijasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi, xalqlarimiz doʻstligi mustahkamlandi. Bu, oʻz navbatida, parlamentlararo hamkorlikni yanada jonlantirishga turtki boʻlmoqda.
Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli oʻzaro doʻstona aloqalar aniq amaliy qadamlar bilan boyitilgan holda rivojlanmoqda. Hamkorlikning yangi sahifasi ikki xalq manfaatlari yoʻlidagi yangi maqsadlar va istiqbollar bilan toʻlgan. Ochiq, samimiy muloqotlar parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish uchun ham mustahkam poydevor qoʻydi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati, uni yanada rivojlantirishda parlamentlarning roli va oʻrnini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, boshqa sohalardagi aloqalar koʻlamini tobora kengaytirib borish masalalari ikki mamlakat parlamenti vakillarining diqqat-markazida boʻldi.
Tomonlar Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlarida erishilgan ulkan ijobiy oʻzgarishlar xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkashga zamin yaratib, ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirishda parlament aʼzolarining oʻzaro hamkorligini yanada mustahkamlashga alohida urgʻu qaratdilar.
Muloqot ochiqlik, oʻzaro ishonch, anglashuv va doʻstona ruhda oʻtdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring