Ham olim, ham adib inson edi
Koʻpchilik insonlar, shu jumladan, biz musulmonlar ham baʼzida shundoq yonimizda, yonginamizda yurgan olimlarning, ulamolarning qadriga yetavermaymiz. Har kuni oynai jahonda koʻrinibdi turibdi-ku, maʼruzalari qayd qilingan disklari bor, kitoblari chop etilgan, sotilyapti, deb bemalol yuraveramiz. Aslida esa...
Aslida biz yonimizdan “oqib oʻtgan daryo”dan toʻligʻicha foydalana olmaymiz. Bu haqiqatni 2015-yili Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari vafot etganlarida anglab yetdik. Oradan uch yil oʻtib, 2018-yili taniqli ulamo Anvar qori Tursunov chin dunyoga rihlat qilganlarida esa anglaganlarimiz, yaʼni olimlarning tirikligida koʻp ham qadriga yetavermasligimiz qatʼiy isbotini topdi.
Koʻngilga tasalli beradigan bir jihat bor. U ham boʻlsa, ulamolarimiz qoldirib ketgan kitoblarni oʻqib, xuddi ular bilan suhbatlashayotgandek, juma kunlari mavʼizalarini tinglayotganlek, oynai jahon orqali chiqishlarini tomosha qilayotgandek boʻlamiz.
Anvar qori Ali ibn Ahmad Naysoburiyning «Asbob un-nuzul» (“Qurʼon oyatlarining nozil boʻlish sabablari”) kitobini mahorat bilan arabchadan oʻgirdi. Shu bilan birga, “Fazilatlar kitobi”, “Inson – murakkab zot” asarlarini chop ettirdi. Besh yuzdan ortiq diniy-maʼrifiy maqolalar muallifi boʻldi.
Anvar qori “Hidoyat sari” va «Nasoyimul muhabbat» telekoʻrsatuvlarida boshlovchilik qildi. U chinakam notiq edi, istalgan paytda, istalgan oʻrinda mavzu doirasida erkin gapira olish qobiliyati bor edi. Koʻp kitob oʻqir edi.
Anvar qori maʼrifatli inson edi. 1989–1992-yillarda ilk bora yurtimizda Qurʼoni karimning maʼnolar tarjimasi tayyorlanib, bu ishni marhum Shayx Alouddin Mansur domla amalga oshirgan edilar. Tarjima “Sharq yulduzi” jurnalining yigirma uchta sonida, yigirma uch oy davomida bosildi. Qurʼoni karim maʼnolarining oʻzbek tilidagi tarjimasi ilk marta shu jurnalda chop etildi.
Anvar qori koʻplab ezgu ishlarga bosh-qosh boʻlgan edi. U Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan: «“Sizlarning yaxshilaringiz – Qurʼoni karimni oʻrganib, soʻngra uni oʻrgatganlaringizdir”, (Imom Buxoriy rivoyati) muborak hadisni oʻziga dasturilamal qilib yashadi.
Anvar qorining notiqligiga koʻpchilik qoyil qolardi. Ayniqsa, juma kunlari nafaqat Toshkent shahridan, balki boshqa viloyatlardan, hatto chekka-chekka tumanlardan ham u kishining maʼruzalarini eshitish uchun keladigan yurtdoshlarimiz koʻp boʻlardi.
Bir safar juma mavʼizasida rahmatli Anvar qori Oʻzbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning oʻziga atab yozgan “Tavallo” sheʼrini oʻqib berganida, odamlar sel boʻlib tinglashganini yaxshi eslaymiz.
Men Andijon viloyati bosh imom-xatibi boʻlib ishlab yurganimda, Anvar qori bilan respublika miqyosidagi yigʻilishlarda uchrashib, suhbatlashib turar edik. Allohning inoyati bilan Toshkent shahriga bosh imom-xatib boʻlib tayinlanganimdan soʻng xizmat taqozosi bilan poytaxtimizdagi turli masjidlarga borganimda, odamlar Anvar qorining ajoyib xislatlarini, ajoyib xotiralarni toʻlqinlanib gapirib berishadi.
U kishini Alloh rahmatiga olib, Oʻzi vaʼda qilgan ulugʻ ajru mukofotlar bilan siylasin.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring