Hayvonlarni shafqatsiz munosabatlardan himoya qilish masalalari qonun bilan tartibga solinadi
Joriy yilning 28-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi tomonidan “Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.
Mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni asrash, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham ekologik masalalarga alohida eʼtibor qaratilib, yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylik, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasida ekanligi belgilab qoʻyildi.
Mamlakatimizda mazkur sohaga oid munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy baza yaratildi va doimiy takomillashtirilib borilmoqda. “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida»gi Qonun ham shular jumlasidandir. Mazkur qonun bilan yovvoyi hayvonlar majmuini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi masalalar batafsil tartibga solingan.
Biroq, jamiyatda hayvonlarga, shu jumladan uy hayvonlari va qarovsiz hayvonlarga shafqatsiz munosabatda boʻlish holatlari uchrab turibdi. Ularni chiplash, identifikatsiya, vaksinatsiya va sterilizatsiya qilishning zamonaviy tizimi yoʻlga qoʻyilmagan.
Keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda tirik mavjudotlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish, ularni vahshiyona qiynash holatlari bot-bot koʻzga tashlanmoqda. Bu esa keng jamoatchilikning keskin muhokamalariga sabab boʻlmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda 2,3 mln. dan ziyod itlar va 46 mingdan ziyod mushuklar mavjud. Joylarda uy hayvonlari egalari tomonidan rad etilishi, mushuk va itlarning nazoratsiz koʻpayishi natijasida qarovsiz hayvonlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, aholi punktlarida it va mushuk boqishning qoidalarini buzish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar soni 2021-yilda 10,5 mingtani tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich keskin oshib 142,6 mingtaga yetgan.
Shuningdek, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar soni 2020-yilda 105 ta, 2021-yilda 190 ta, 2022-yilda 325 dan ziyodni tashkil etgan.
Shu bilan birga, hayvonlar tomonidan insonlarga zarar yetkazish, ularni tishlash holatlari ham oshib borib, 2021-yilda 44 ming, 2022-yilda yesa 50 mingga yaqin holat qayd etilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ishlab chiqilgan “Hayvonlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi bilan sohaga oid huquqiy munosabatlari tartibga solish, uy hayvonlariga nisbatan mulkdorlarning javobgarligini aniq belgilash, tirik mavjudotlarga nisbatan insonparvarlik tamoyillarini shakllantirish koʻzda tutilgan.
Shuningdek qonun loyihasida uy hayvonlarini roʻyxatga olish, hisobini yuritish, chiplash, qarovsiz hayvonlarning hisobini yuritish va saqlashga doir normalar oʻz aksini topgan.
Davra suhbati qatnashchilari tomonidan, qonun loyihasi muhim va oʻz vaqtida ishlab chiqilganligi qayd etilib, loyihaga uy hayvonlarini emlash va sterilizatsiya qilish, ayrim shaxslarni hayvonlari saqlash huquqidan mahrum qilish, hayvonlarga boʻlgan munosabat sohasida davlat va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga doir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Berilgan fikr-mulohazalar asosida qonun loyihasini yanada takomillashtirishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring