Hayit namozi oʻqilmaydigan boʻldi. Oʻrniga uyda Zuho namozi oʻqish tavsiya etildi
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Qurbon hayiti namozi yuzasidan fatvosi eʼlon qilindi.
"Allohga shukrki, Oʻtgan yili hukumatimiz va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi amalga oshirgan qator chora-tadbirlar sabab ushbu kasallikning oqibatlari birmuncha yengil kechdi. Ammo bu yilgi yoz chillasi kirib kelishi bilan virusning tarqalishi yana avj oldi", deyiladi fatvoda.
Qayd etilishicha, dinda insonning joni, eʼtiqodi, aqli, moli va obroʻsini saqlash muhim asoslardan biridir. Ularga zarar yetadigan holatlarda shariat oʻz talablarini insoniyatga yengillatadi.
Mamlakatimizda kasallikning keng yoyilib ketishi oldini olish, uning asoratlarini yengillatish boʻyicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jamoat joylarida toʻplanmaslik, yirik tantana va tadbirlar oʻtkazmaslik, niqob taqish, oʻzaro masofa saqlash va vaksina olish boʻyicha chora-tadbirlar shular jumlasidan.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi quyidagi fatvoni eʼlon qiladi:
1. Qurbon hayiti namozida katta jamoat bir joyda jamlanishini inobatga olib, pandemiya yana-da avj olmasligi, vabo oqibatlarini yumshatish maqsadida shu kuni iyd namozi ado etilmaydi, oʻrniga uyda Zuho namozini oʻqish tavsiya etiladi.
2. Juma namozlaridan (yuqoridagi sabablarga koʻra vaqtincha oʻqilmaydi) boshqa namozlar barcha karantin talablariga rioya qilgan, yaʼni niqob taqqan va oraliq masofani saqlagan holda, masjidlarning ochiq sahnlarida ado etiladi. Masjidlarda qoʻl berib yoki quchoqlashib koʻrishish qatʼiyan taʼqiqlanadi.
3. Isitma, yoʻtal kabi kasallik alomatlarini oʻzida his qilganlar, keksalar va kichik yoshdagi bolalarga jamoat namozlarida ishtirok etish tavsiya etilmaydi.
4. Yoshi ulugʻ keksalar va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlar bilan bogʻliq anʼanalarni aloqa vositalari orqali amalga oshirib turish tavsiya etiladi.
5. Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida, xonadonlarda oʻqiladi. Marhumlarning haqlariga qilinadigan duoi fotihalarni qatʼiy ravishda yurtdoshlarimiz oʻz xonadonlarida, oila davrasida bajarsinlar, fotihagarchiliklarga borishdan hamda oʻtganlarning qabrlarini ziyorat qilishdan saqlanib tursinlar.
6. Moʻmin-musulmonlar imkon qadar kasallikning tarqalishini oldini olish maqsadida qurbonlik goʻshti ehsonlarini tarqatishda karantin talablariga qatʼiy rioya etsinlar.
7. Pandemiya vaziyatida oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarning narxini oshirish, bozorlar va doʻkonlarda sunʼiy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi oʻrtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish sharʼan haromdir.
8. Vaksina olmaslik, uning tarkibi toʻgʻrisida boʻlmagʻur gaplarni tarqatish durust emas. Davlatimiz barcha talablarga javob beruvchi vaksinalar vositasida ommaviy ravishda emlash ishlarini amalga oshirayotgan ekan,barcha yurtdoshlarimiz oʻzlarini va oila aʼzolarini, shifokorlar bilan kelishgan holda, emlatishlari maqsadga muvofiq boʻladi.
9. Ehtiyojmandlar, nogironligi borlar, vaqtincha ishsizlarga ehson koʻrsatishning ayniqsa ushbu kunlar va oylarda savobi ulugʻdir. Xayriya va ehson tadbirlarini “Vaqf” jamgʻarmasi orqali yoki bevosita amalga oshirish tavsiya etiladi.
10. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, uning viloyatlardagi vakilliklari xodimlari va imom-xatiblar ushbu fatvo mazmun-mohiyati boʻyicha aholining keng qatlamlari orasida batafsil tushuntirish ishlarini amalga oshirsinlar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring