Gulistonning oʻz guli boʻladi
Foto: Ahmadali Shernazarov, "Xalq so'zi"
“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Endi Guliston shahrida gulzorlar tashkil qilish uchun chetdan gul sotib olinmaydi. Gap shundaki, besh turdagi 200 ming tup gul nihollari Guliston Davlat universiteti akademik litseyining boʻsh turgan issiqxonasida oʻstiriladigan boʻldi.
Gul koʻchatlari yetishtirish shaharning oʻzida yoʻlga qoʻyilishi tufayli avval donasi 2-3 ming soʻmdan sotib olingan koʻchat xarajati nari borsa ming soʻmga tushishi kutilmoqda. Ortiqchasi viloyatning boshqa shahar va tumanlariga yetkazib berilishi natijasida esa bu koʻrsatkich yanada pasayadi.
“Eng muhimi, koʻchatlarni urintirmay peshma-pesh ekish imkoniyatiga ega boʻlamiz. Nihollar bosqichma-bosqich oʻstiriladi va bu bahor, yoz va hatto kuz faslida ham gulzorlar tashkil etilishini kafolatlaydi ” deydi Guliston shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Zafar Umarqulov.
Eʼtiborlisi, ushbu loyihani amalga oshirish va mahalliy mutaxassislarga gul koʻchatlari tayyorlashni oʻrgatish maqsadida gullar shahri –Namangandan yosh va malakali gulchi dehqon Tolibjon Nabiyev ishga taklif qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring