“Goʻyoki, nonushtaga issiq non va qaymoq degandek...”
Podpolkovnik Anvar Qoraboyev Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasining axborot xizmati rahbari. Bir ogʻiz taʼrif shuki, u viloyatdagi eng faol matbuot kotiblaridan biri.
Bugun ertalab Anvarjonni yoʻlda koʻrib qoldim. Qoʻltigʻida bir taxlam gazeta. Uni hali ish vaqti boshlanmasdan gazeta-jurnallar olib ketayotganiga koʻp guvoh boʻlganman.
Hol –ahvol soʻrab, qisqa suhbatga tortdim:
— Anvarjon, kutib tursangiz gazetalarni idorangizga yetkazishadi-ku...
— Ha toʻgʻri, tushgacha olib borishadi. Ammo bizda boshliqdan to oddiy xodim, deylik bogʻbonimizgacha ish boshlangan paytda gazeta kelganmi deb soʻraydi. Nonushtaga issiq non va qaymoq degandek, jamoamizda kunni yangi nashrlar bilan tanishishdan boshlash odatga aylangan.
— Nechta nashrga obuna boʻlgansizlar?
— Jami 22 ta nomdagi mahalliy hamda markaziy gazeta va jurnallarni olamiz. Oʻqib boʻlinganlarini alohida taxlam qilib qoʻyamiz. Chunki, gazeta va jurnal har doim kerak manba. Masalan biror qonun yoki qaror bilan yana tanishish zaruriyati tugʻilsa, “Xalq soʻzi” eng yaqin yordamchimiz. Unda nafaqat hujjatning oʻzi, balki oddiy va tushunarli qilib yozilgan sharhi ham beriladi. Bu esa qonun yoki qaror mohiyatini yana-da chuqur oʻrganish imkoniyatini beradi. Eng muhimi, bosma ommaviy axborot vositalari ijodkorlari, bu professional va tajribali jurnalistlardir.Shu bois ham ulardagi mediamahsulotlar har jihatdan yuqori saviyada deb oʻylayman.

Anvar Qoraboyev bilan xayrlashdik.Va barcha zamonaviy axborot texnologiyalariga ega idoraga OAVning tamal toshini qoʻygan va yuz yillardan buyon insoniyatga ziyo ulashib kelayotgan gazeta- jurnallar ham kerakligiga uning shaxdam qadamlar bilan shoshilinch ketayotganidan ham ishonch hosil qildik...
Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring