Goʻsht narxi qachon arzonlashadi?
Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshib ketishi turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Masalan, goʻsht narxining oshishi bilan xuddi shunday vaziyat yuzaga keldi. Ayni paytda mamlakatimiz bozorlarida qoramol goʻshti oʻrtacha 45 soʻmdan 80 ming soʻmgacha sotilmoqda. Ilgari qoʻy goʻshti nisbatan mol goʻshtiga qaraganda qimmatroq boʻlardi. Hozir esa qoramol goʻshti narxining keskin oshib borishi bu nisbatni yoʻqqa chiqardi. Bu boradagi eʼtirozlar ham oʻrinli. Sababi, atigi 1-2 oy oldin qoramol goʻshti 50 — 55 ming soʻm atrofida xarid qilingan. Aslini olganda bu holatga har yili duch kelamiz. Iqtisodiy tebranishlarning qaysidir sabablari tufayli goʻsht mahsulotining narxi oshadi. Asosiy va muhim oziq-ovqatlar turi sifatida goʻsht narxning oshib ketishi koʻplab norozichiliklarni keltirib chiqarishi tabiiy.
Asosiy sabab nimada?
Davlatlarning ijtimoiy hayotida jamoatchilik fikri muhim oʻrin tutadi. Ayni vaziyatda ham narx-navoning balandligi yem xashak narxining oshib ketishi, shuningdek, yuqori qatlamning asossiz harakatlariyu, quyi qatlam vakillarining “choʻntagi”ni eʼtiborga olmayotgani bilan baholanmoqda. Xoʻsh, goʻsht narxining keskin koʻtarilishiga qanday omillar sabab boʻlmoqda?
Statistik maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil 1-iyul holatiga Oʻzbekistonda aholi soniga nisbatan qoramol 36,8 foizni tashkil etadi. Bu esa, 1000 aholi jon boshiga 368 bosh qoramol toʻgʻri keladi degani. Oʻzbekistonda sanoat yoʻli bilan boqiladigan qoramollarning jami 5 foizini tashkil qiladi. Qolgan 95 foizi aholi tomonidan yetishtirilmoqda. Bundan koʻrinib turibdiki, goʻsht mahsulotlarining asosiy qismi aholi xonadonlari orqali bozorga chiqadi. Bu esa, oʻz navbatida, yem-xashak narxlari, ob-havoning noqulay kelishi kabi bir qator tabiiy omillar, chorva kredit foizlarining qimmatligi tufayli bozorda narxlarning nazoratdan chiqishiga sabab boʻladi. Xoʻsh, chorva mollari uchun berilgan kredit necha foizni tashkil etadi? Bu borada javob olish uchun Hamkorbank mijozlarni qoʻllab quvvatlash xizmati bilan telefon orqali bogʻlanganimizda chorva mollari uchun yiliga 20 foizlik imtiyozli kredit ajratilayotgani, u ham boʻlsa, toʻgʻridan toʻgʻri isteʼmolchiga emas, balki taʼminotchiga oʻtkazib berilishi, hozirda esa chorva mollari uchun kredit ajratilmayotgani haqida maʼlumot oldik.
Bundan kelib chiqadiki, chorva mollari bozorda 10 mln soʻmni tashkil qilsayu, taʼminotchiga pul oʻtkazish yoʻli bilan toʻlov qilganingiz uchun chorva mollarining narxi oʻz-oʻzidan 15-20 mln.ga aylanib ketishi hech gap emas.. Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yil yanvar-sentyabr oylarida Oʻzbekistonda 1840 ming tonna goʻsht ishlab chiqarilgan (2019-yilning mos davriga nisbatan 2,2 foizga koʻproq) va 34 ming tonna goʻsht import qilingan. Xuddi mana shunday munosabat va izohlarni qator davlat organlari, viloyat hokimliklari ham bera boshladi. Biroq, qancha zaxira, qancha mahsulot ishlab chiqarilganidan qatʼi nazar bu boradagi izohlar deyarli eshitilmayapti.
Narxlarga cheklov qoʻyish yechim boʻla oladimi?
Barcha iqtisodchilarning fikricha, narxlarni nazorat qilish, umuman, barcha mahsulot turlariga nisbatan ham maqbul yechim boʻla olmaydi. Narxni sharoitdan kelib chiqib bozor belgilashi kerak. Yaxshi va sifatli mahsulot xohlagan xaridor rasta ostidan baribir oʻsha qimmat narxni toʻlaydi. Bunday oldi-sotdini choʻntagi koʻtarmaydiganlar esa sifatsiz mahsulot bilan chorasiz qoladi. Bundan bir-ikki yil avval xuddi shunday goʻsht narxi qimmatlashuvi va narxlarga cheklov oʻrnatilishi ortidan bozorga eshak goʻshtlari va oʻlgan mol goʻshtlari ham kirib kelganini hyech kimga sir emas. Aytishlaricha, hozirda 60-70 ming soʻm cheklovi bilan chiqarilayotgan goʻshtlar esa asosan soʻyilishga moʻljallangan qoramollarni 2-3 oyda bioqoʻshimchalar bilan oziqlantirish hisobiga tez vazn olib, soʻyiladi, ammo goʻshtning asosiy qismi yogʻ bilan qoplangan boʻladi.
Qachondir goʻsht narxi tushadimi?
Moliyaviy hisob-kitoblarda pandemiya sharoitida moliyaviy xarajatlarni hisobga olingan holda qaysidir maʼnoda aholiga narx-navoni nazorat qilish orqali yengilliklar berilishi oʻrinli. Ammo qishloq xoʻjaligi mahsulotlari masalasiga kelganda, aynan, goʻsht narxini minimallashtirish kutilgan samarani bermasligi ehtimoli katta.
Bunda iqtisodiy tahlillarga asoslanib quyidagi talab va takliflarni oʻrtaga tashlash mumkin:
- chorvachilik uchun ajratiladigan kreditlar va har qanday imtiyozli shartlarni nazoratda ushlash;
- chorva mollari yetishtirishni sanoat miqyosida sifatli darajada tashkillashtirish;
- narx nazoratini kamaytirish, koʻzboʻyamachilik asosida shakllantirilgan narxlarga chek qoʻyish;
- bu borada ekspertlar bilan doimiy tahlillarni olib borish.
Shahboz ABDUSATTOROV,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati mutaxassisi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring