Giyohvandlik vositalarini targʻib qiluvchi eʼlon yopishtirib yurgan ikki talaba yigit qoʻlga olindi

11:54 06 May 2025 Jamiyat
337 0

Befarq boʻlmagan fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarga asosan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida Poytaxt hududida giyohvandlik vositalarini targʻib qiluvchi narkografit tarqatish bilan bogʻliq holatlar yuzasidan tezkor tadbirlar oʻtkazilgan. Bu haqida Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur tezkor profilaktik tadbir davomida aniqlanishicha, Yunusobod tumani hududida elektr tokining tayanch ustunlariga Rossiyada ish borligi, maoshi haftasiga ming AQSH dollari ekanligi hamda ishlashni xohlaganlar eʼlondagi QR kod orqali Telegram sahifaga oʻtib, bogʻlanishlari mumkinligi bayon qilingan eʼlonlarni yopishtirib ketilayotgani aniqlangan.

Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida, ushbu eʼlonlarni Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasasining ikki nafar talabasi, 2005 hamda 2006-yilda tugʻilgan shaxslar tarqatayotgani fosh qilingan. Ushbu shaxslar tungi soat 23:30 lar atrofida eʼlon yopishtirib yurgan vaqtda tezkor tadbir xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

Maʼlum boʻlishicha, yigitlar Telegram ijtimoiy tarmogʻi orqali notanish shaxs bilan tanishib, muloqotga kirishadi. Notanish shaxsdan yuqoridagi kabi eʼlonlarni tarqatib berish evaziga har bir donasi uchun 2 ming soʻm miqdoridagi moliyaviy haq olishga kelishib oladilar.

Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Yunusobod tumani hududida yigitlar tomonidan yopishtirib chiqilgan 80 dona eʼlon aniqlanib, yoʻq qilingan. Ushlangan shaxslarning xatti-harakatlari yuzasidan ularga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 56 prim 2 moddasi asosida hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Ushbu moddaga muvofiq giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targʻib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash, xuddi shuningdek ularni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, —huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер