Germaniyalik mutaxassis Oʻzbekistondagi hayvonot bogʻlari va qoʻriqxonalarni rivojlantirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi 

11:50 07 Sentyabr 2023 Jamiyat
356 0

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hayvonot bogʻini boshqarish boʻyicha tajribali nemis mutaxassisi, professor Udo Nagel bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda Aziz Abduhakimov Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha tashabbuslar, xususan, hayvonot olamini muhofaza qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligini taʼkidladi. 

Udo Nagel hayvonot bogʻlari va qoʻriqxonalarni rivojlantirish boʻyicha fikr almashdi. Xususan, hayvonlarni qishki va yozgi binolarda bir-biriga yaqin joyda saqlash uchun toʻsiqsiz muhit yaratish, panjaralardan voz kechib, mustahkam oynali materiallardan foydalanish, hayvonlarni saqlash chegarasida ignali oʻsimliklar ekish, hayvonot bogʻining “kecha va bugun” shaklidagi koʻrgazmasini tashkil qilish, amaliy biologiya bilimlari oʻrgatiladigan oʻquv attraksionlarini yaratish va boshqa muhim tavsiyalar berdi. 

Shu bilan birga, U. Nagel Oʻzbekistondagi hayvonot bogʻlari va qoʻriqxonalarini rivojlantirish boʻyicha taqdimotini namoyish etdi.

Oʻz navbatida Aziz Abduhakimov “Rostok” hayvonot bogʻi tajribasini oʻrganish juda katta ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Uchrashuv yakunida oʻzbekistonlik mutaxassislarning Germaniyada oʻzaro tajriba almashishlari borasida kelishuvga erishildi.

Uchrashuvdan soʻng Udo Nagelga Ekologiya vazirligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.

Uchrashuvdan maqsad – hayvonot bogʻlari boʻyicha ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirishda texnik koʻmak koʻrsatish, soha mutaxassislarining salohiyatini oshirish, soha doirasida oʻzaro tajriba almashish masalalarini muhokama qilishdir.

Maʼlumot uchun, Udo Nagel 10-iyul kuni Oʻzbekistonga tashrif buyurgan. Tashrif davomida u Toshkent, Fargʻona va Termiz shaharlaridagi hayvonot bogʻlari, Samarqanddagi “Zarafshon” milliy tabiat bogʻi va Buxorodagi “Jayron” pitomnigi faoliyatini oʻrganib, oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Udo Nagelning yurtimizga tashrifi 25-iyul kuni oʻz yakuniga yetdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер