Germaniya Ukrainaga 1,3 milliard yevrolik yangi harbiy yordam paketini eʼlon qildi

00:44 22 Noyabr 2023 Dunyo
374 0

Foto: X/Germaniya mudofaa vazirligi

Germaniya Ukrainaga umumiy qiymati 1,3 milliard yevro boʻlgan yangi harbiy yordam paketini taqdim etmoqda. Bu haqda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorus Kiyevdagi matbuot anjumanida maʼlum qildi.

RBC-Ukraina xabariga koʻra, yangi paket toʻrtta IRIS-T tizimi, 20 mingta 155 millimetrli artilleriya snaryadi, tankka qarshi minalar va boshqa qurollarni oʻz ichiga oladi.

“Bu oʻtgan qishdan beri beshinchi shunday paket. Va ishonchim komilki, u sizga Rossiya agressiyasiga qarshi kurashingizda yordam beradi”, — dedi Pistorius.

Kiyev uzoq vaqtdan beri soʻrab kelayotgan uzoq masofali “Taurus” raketalarini yetkazib berish ehtimoli haqidagi savolga vazir bu borada yangi maʼlumot yoʻqligini aytdi.

Shu bilan birga, u kelasi yili Germaniya Ukrainaga 155 mm kalibrli 140 mingta snaryad yetkazib berishni rejalashtirayotganini taʼkidladi.

Germaniya harbiy yordam boʻyicha Ukrainaning AQSHdan keyin ikkinchi yirik ittifoqchisi hisoblanadi. Boris Pistorius 21-noyabr kuni, AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga kelganining ertasiga Kiyevga tashrif buyurdi.

Pentagon rahbari Kiyevda “AQSH Ukrainani Rossiya agressiyasiga qarshi erkinlik uchun kurashda – bugun ham, kelajakda ham qoʻllab-quvvatlashda davom etadi”, dedi.

Shu kuni AQSH Mudofaa vazirligi Ukrainaga 100 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini taqdim etayotganini eʼlon qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер