Germaniya nashrida Oʻzbekistonning koronavirusga qarshi kurashdagi tajribasi haqida maqola chop etildi

13:41 22 Iyun 2020 Jamiyat
932 0

Germaniyaning “Neue Zeiten“ jurnalining iyun sonida ”Oʻzbekiston koronavirus pandemiyasi sharoitida: davlatning qoʻllab-quvvatlovi” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Ushbu maqolada mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining keng tarqalishiga qarshi kurashishdagi samarali yondashuv, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash, aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish masalalari qamrab olingan.

Nashrda davlat kasallikka tashxis qoʻyish, uning tarqalishi oldini olish va davolash xarajatlarini toʻliq oʻz zimmasiga olganiga eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, sogʻliqni saqlash tizimi imkoniyatlari, pandemiyaning davlat va jamiyat hayotiga salbiy taʼsiriga qarshi turish uchun ishlab chiqilgan moliyaviy mexanizmlar samaralari koʻrsatib beriladi.

Maqolada, umumiy fondi 10 trillion soʻm boʻlgan Inqirozga qarshi kurash jamgʻarmasi mablagʻlarining fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini taʼminlashga yoʻnaltirilayotganiga alohida eʼtibor qaratilgan.

“Ushbu fonddan 500 milliard soʻm mablagʻ tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar shaklida, ish oʻrinlari yaratish maqsadida esa ijtimoiy masalalarga 200 milliard soʻm miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi”, - deyiladi maqolada.

Ushbu vaziyatda davlatni qoʻllab-quvvatlashda keng jamoatchilik va tadbirkorlar faol ishtirok etayotgani qayd etiladi.

“Ular pandemiya davrida ishbilarmonlar tomonidan aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini tuzish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaatiga labbay, deya javob berishdi”, deyiladi jurnalda chop etilgan maqolada.

Oʻz navbatida, davlat fuqarolarga yordam qoʻlini choʻzayotgan tadbirkorlarni soliq, lizing, zayomlar va zarur manbalardan foydalanish uchun turli imtiyoz va preferensiyalar berish orqali qoʻllab-quvvatlayotgani keltiriladi.

Maqola muallifining soʻzlariga koʻra, mamlakatni qamrab olgan umummilliy harakat Oʻzbekiston xalqining COVID-19 ga qarshi kurashdagi birligi va birdamligini koʻrsatdi. Prezident tomonidan pandemiya davrida ishlab chiqilgan rivojlanish strategiyasi fuqarolarning mutlaq koʻpchiligi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqotda ishtirok etganlarning 92,3 foizi yuqoridagi fikrni tasdiqlashgani ham bunga misol.

Maqolaning soʻnggi qismida yuqori darajadagi hushyorlikni saqlash, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich jonlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishdagi chora-tadbirlar bilan bir qatorda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan karantin talablarini yana-da yumshatish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilish haqida ham xabar berilgan.

“Yaqin vaqt ichida 1 mingdan ortiq tadbirkorlarning yer va mol-mulk soligʻini toʻlashni kechiktirgani uchun belgilangan 80 milliard soʻm miqdoridagi jarimalar bekor qilinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga bojxona toʻlovlarini 120 kungacha kechikish bilan toʻlashga ruxsat berilishini taʼkidladi. Bundan tashqari, aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun tadbirkorlarga berilgan 500 milliard soʻmgacha (ilgari 10 milliard soʻmgacha) boʻlgan kreditlar boʻyicha kompensatsiya miqdori 5 foizdan 10 foizgacha oshiriladi. Umuman olganda, iqtisodiyot va fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash uchun byudjetdan 2 trillion soʻmdan koʻproq mablagʻ ajratiladi», deya yakun yasaladi nashrdagi maqolaga.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер