Germaniya “kolbasa qiroli” janjal markazida. Bari koronavirus tufayli
Germaniyada “kolbasa qiroli” sifatida tanilgan milliarder Klemens Tonnis goʻshtni qayta ishlash zavodlaridan birida koronavirusning keng tarqalishi sababli katta janjalga aralashib qoldi.
“Bloomberg” maʼlumotlariga koʻra, Tonnis egalik qiluvchi zavodning 1,5 mingdan ziyod ishchisida koronavirus testlari natijalari ijobiy deb topilgan. Infeksiyani asosan kam haq toʻlanadigan mehnat muhojirlari yuqtirgan. Hozirda Germaniya prokuraturasi milliarderning biznesini oʻrganishga kirishgan.
“Deutsche Welle”ning aniqlik kiritishicha, hodisa Shimoliy Reyn-Vestfaliya oʻlkasidagi zavodda sodir boʻlgan. Koronavirusni yuqtirib olish avj olganligi sababli, Gyuterslo va Varendorf tumanlarida yashovchi 600 mingdan ortiq aholi karantinga olingan.
Forbs maʼlumotlariga koʻra, Klemens Tonnisning boyligi 2,2 milliard dollarni tashkil qiladi. U oʻtgan asrning 70 yillarida akasi Bernd bilan asos solgan “Toennies” kompaniyasining 45 foiz ulushiga egalik qiladi. Gigant kompaniya qushxonalar va goʻshtni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring