Geologiyadagi muhim yoʻnalish koʻrib chiqildi

17:11 13 May 2024 Siyosat
348 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni koʻmir qazib chiqarishni oshirish rejalari taqdimoti bilan tanishdi.

Aholi va iqtisodiyotning oʻsib borayotgan ehtiyojini taʼminlash uchun energetikaning barcha yoʻnalishlari rivojlantirilmoqda. Jumladan, muayyan tarmoqlarda koʻmirdan foydalanish qoʻl keladi. Hisob-kitoblarga koʻra, yurtimizdagi koʻmir zaxiralari qariyb 2 milliard tonnani tashkil etadi.

Bu imkoniyat ishga solinib, koʻmir qazib olish hajmi izchil oshirib kelinmoqda. Xususan, 2016-yilda bu koʻrsatkich yiliga 4 million tonnadan kam boʻlgan boʻlsa, 2023-yilda 6 million 550 ming tonnaga yetdi.

Davlatimiz rahbari konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligini aytgan edi. Oʻtgan yili bu borada sezilarli siljish boʻlib, tadbirkorlar tomonidan 369 ming tonna koʻmir qazib chiqarildi.

Taqdimotda sohadagi rejalar haqida ham axborot berildi. Qayd etilganidek, bu yil koʻmir qazib chiqarish 8 million tonnaga yetkaziladi. Shundan 900 ming tonnasi tadbirkorlar tomonidan olinadi. “Shargʻunkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatida yiliga 500 ming tonna koʻmirni boyitish uskunasi ishga tushiriladi.

Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi toʻrtta maydonda geologiya ishlari olib borilmoqda va kelgusi yilda qazib chiqarishga yoʻnaltiriladi.

Shu bilan birga, ilgʻor xorijiy tajribani qoʻllagan holda koʻmir qatlamlarini baholash va burgʻilash ishlari davom ettirilmoqda. Bularning natijasida 2025-yilda koʻmir qazib chiqarish hajmini 10 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Mutasaddilarga sohada xalqaro standartlarni joriy etib, koʻmir sifatini oshirish, investitsiya loyihalarini jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер