Geografik axborot tizimi — keng maʼlumotlar bazasi
BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Toshkent Davlat agrar universitetida “Yer resurslarini monitoring qilish va baholash boʻyicha vositalar” mavzusida oʻquv-trening mashgʻulotlarini oʻtkazmoqda. Mazkur tadbir FAO/GEF tomonidan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi doirasida boʻlib oʻtmoqda.
Geografik axborot tizimi – raqamli koʻrinishga oʻtkazilgan juda katta maʼlumotlar bazasidir. Ular geografik belgilariga koʻra birlashtirilib, maʼlum koordinatalar tizimiga bogʻlangan hamda batafsil ifodalangan qatlamlardir. GIS-texnologiyalari yordamida yer yuzida har qanday nuqtasini topish, har qanday obyektning harakatini kuzatish mumkin. GIS-texnologiyalari bajarish imkonini beradigan vazifalardan biri – ular orqali xaritalar, chizmalar, jadvallar va, hatto, oʻzingizni qiziqtirgan joyning rasmini ham olish mumkin boʻlgan maʼlumotlarni vizuallashtirishdir.
— Ushbu maʼlumotlar ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, ayrim tashkilot va kompaniyalar katta ahamiyatga ega, — deydi FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov.— Shu maʼnoda seminar Toshkent davlat agrar universitetining magistrantlari, aspirantlari va oʻqituvchilarining ilmiy salohiyatini oshirish, ularning ishlarini yana-da rivojlantirish imkonini beradi. FAO koʻmagida barpo etilgan yangi GIS-laboratoriyasi eng zamonaviy kompyuterlar, server, maʼlumot markazi, plotter va GPS uskunalari bilan jihozlangan.
GIS-texnologiyalari bugungi kunda hayotimizning deyarli barcha sohalariga taʼsir koʻrsatayotgan butun bir tarmoqdir. Ularning qishloq xoʻjaligidagi roli, ayniqsa, muhimdir. Misol uchun, GIS-texnologiyalari yordamida tuproq tiplarini oʻzaro solishtirish, iqlim va ayrim qishloq xoʻjalik ekinlarining hosildorligini tahlil qilish va buning asosida yana-da samaraliroq ish usullarini ishlab chiqish, pirovardida mablagʻlarni tejash mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring