Gazetachilikning qora mehnati
Mamlakatimiz jurnalistikasining buguni va kelajagini iqtisodiy muammolar qaʼriga “singib” borayotgan gazeta va jurnallarsiz tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, ularning chop qilinish adadi kundan-kunga kamayib ketayotgan, ayrim nashrlar hattoki, butunlay toʻxtab qolish xavfini sezayotgan bir sharoitda bu zarurat yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni haqqoniy aks ettirishda bosma nashrlar zimmasiga nihoyatda nozik va ayni damda sharafli vazifalar yuklatilganki, buni his qilish uchun har kuni gazeta oʻqish kerak! Shunday ekan, hayotimizni gazeta-jurnallarsiz tasavvur qilish jurnalistika sohasini qoʻl oyoqsiz qoldirishdek gap. Ikki tayanch aʼzosidan ayrilgan tananing harakati, yashashi, kishilik jamiyatiga xizmat qilishi nechogʻlik mushkulligini oʻzingiz oʻylab koʻravering!
2019-2020-yillarda aholini bosma nashrlarga obuna qilish tizimidagi yangicha yondashuvlar tufayli barcha tahririyatlar moliyaviy muammolarga duch keldi. Ular oʻzini oʻnglagunicha, ayrim kishilar gazetalardan bosqichma-bosqich voz kechish gʻoyasini ilgari surdilar. Bunday maʼnosiz takliflar jurnalistlar orasida jiddiy bahs munozaralarga ham sabab boʻldi. Gap gazeta va jurnallarning bugungi ahvoli, bu sohada halol mehnat qilayotgan minglab zahmatkash jurnalistlar ijodiy muhiti haqida ketar ekan, achchiq boʻlsa-da bor haqiqatni gapirish, pana-pastqamda fursat poylab, tahririyatlar qadr-qimmatini pastlatishga qaratilgan tagi puch gʻoyalar va gʻaliz fikrlardan koʻra xayrliroqdir. Jasorat bilan aytilgan bitta rost soʻz, kimningdir mansabi va tazyiqidan choʻchib, unga tilyogʻlamalik bilan hamdu sanolar toʻqishdan foydaliroqdir.
Shunday ekan, keling, bu mavzudagi mushohadalarimizni ogʻir-bosiqlik bilan taroziga qoʻyib koʻraylik. Zero, adolatli oʻlchov har birimiz uchun faqat va faqat foyda keltiradi.
Axborot manbalariga boʻlgan ehtiyojni yangi shakllangan internet tizimi orqali topishga urinayotganlar safi tobora ortib borayotir. Shu bois, koʻpchilikda jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar toʻliq internet tarmoqlari orqali boshqariladi degan nooʻrin tasavvur ham shakllandi. Hattoki, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda ertayu kech gazeta sahifalari ustida koʻz nurini toʻkib mehnat qilayotgan jurnalistlar, shuningdek jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash borasida izchil islohotlar oʻtkazayotgan prokuratura, sud, huquq-tartibot idoralari xodimlari shaʼnini toptashgacha borib yetadigan, mazmun mohiyatdan yiroq boʻlgan, asossiz, shov-shuvli xabarlar, noxolis fikrlar koʻlami kengaymoqda. Shulardan kelib chiqib, gazetalarning shonli oʻtmishi, buguni va ertasiga xolis baho bersak, degan ilinjda ushbu maqolaga qoʻl urdik.
Boshqa OAVni aslo kamsitmagan holda aytish joizki, bosma nashrlar jamoasi hamisha bilimli va iqtidorli ijodkorlar bilan shakllanib kelggan. Shu tufayli ilgarilari bunday tahririyatlarga ishga kirish uchun talabgorda muayyan ilm-maʼrifat, salohiyat, jurnalistga xos did va madaniyat boʻlishi lozim edi. Masalan, bir paytlari gazetalarda fan nomzodlari, professorlar, adabiyotshunos olimlar mehnat qilardi. Mana shu mezondan ham bosma nashrlarning oʻsha davrdagi salohiyatini bilib olsak boʻladi.
Sobiq ittifoq davrida esa gazeta-jurnallardagi kunni tunga ulab mehnat qilayotgan vijdonli jurnalistlar ikki oʻt orasida yashashardi. Bir tomondan sobiq kompartiya koʻrsatmalaridan, uning gʻoyalarini xalqqa yetkazishdan bir lahzaga boʻlsa-da, chekinish, hattoki, ikkilanish ham mumkin emasdi. Ayni damda, jafokash millatning dardi bitilgan maqolalarni ham chiqarish lozim edi... Onda-sonda boʻlsa-da, bahor osmonidagi chaqmoqdek yarq etib, koʻzga tashlanadigan bunday maqolalar chop etilgan gazetalar qoʻlma-qoʻl boʻlib ketardi.
Bosma nashrlar tahririyatlari doimo ilm-maʼrifat tarqatuvchi maskan sifatida eʼzozlab kelingan. Bu qutlugʻ dargoh oʻz bagʻrida taniqli adib Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov, akademik shoir Gʻafur Gʻulom, yozuvchi Oybek, Odil Yoqubov, Shukrullo, Turob Toʻla, Mirtemir, Oʻzbekiston Qahramonlari Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi Laziz Qayumov, adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻafurov, shoiralar Zulfiya, Halima Xudoyberdiyeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, pedagog Muhtarama Ulugʻova va Qutlibeka Rahimboyeva, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov va Tohir Malik, adib Xayriddin Sultonov, Erkin Aʼzam, Xurshid Davron, Shavkat Rahmon singari davr dargʻalarini tarbiyalab voyaga yetkazdi. Ular rus va jahon adabiyoti durdonalarini yaratgan Pushkin, Lermontov, Dostoyevskiy, Chexov, Tolstoy, Nekrasov, Shekspir, Shiller, Bodler, avar xalqining sevimli farzandi, mashhur shoir, mohir tarjimon, publitsist va siyosat arbobi Rasul Hamzatov singari adiblar asarlarini yuksak mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilib, bosma nashrlarda chop etish bilan bir qatorda, har bir satrida millat manfaati yashiringan oʻz ijod namunalarini siyohi qurimasdan, aynan gazeta-jurnallar orqali sobiq ittifoq kompartiyasining toʻqmoqlari ostida boʻlsa-da, xalqqa yetkazishdi. Ularning milliy matbuotimizni yuksaltirish, gazeta-jurnallarni har tomonlama mukammal chop etilishi borasidagi kamtarona xizmatlari tarix sahifalariga zarhal harflar bilan bitilajak.
Ona-Vatanimiz boshidan kechirgan barcha suronli yillarda xalqimiz tarixi, tili va madaniyati, mumtoz adabiyotini saqlab qolishda gazeta-jurnallar jamoalari siyosiy targʻibotchi sifatida ish olib bordi. Millatni oʻz erkini anglashida, ota-bobolarimizning dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga qoʻshgan buyuk xizmatlarini eʼtirof etilishida, Oʻzbekistonning mustaqillik deklaratsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunining umumxalq muhokamasi jarayonida, uni Qonun sifatida qabul qilinishida, mamlakatimizni mustaqil davlat boʻlib shakllanishida, istaymizmi, yoʻqmi, tahririyatlarda halol mehnat qilgan yuzlab jurnalistlar, adiblar, shoirlar, tilshunos va pedagoglarning xizmati beqiyosdir.
Qolaversa, tahririyatlar oʻz bagʻrida kamolga yetgan yuzlab jurnalistlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasiga, Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasiga, Davlat xavfsizligi, Respublika Bosh prokuraturasi, Mudofaa va Ichki ishlar vazirligi tizimlaridagi masʼul lavozimlarga tayyor mutaxassis sifatida tavsiya etib keldi. Gʻurur bilan aytish mumkinki, bu anʼana bugun ham davom etmoqda. Buni shunchaki unutib yuborish mumkin emas!
Oshkora aytishimiz kerak boʻlgan yana bir haqiqat shuki, gazeta jurnallarni ommaviy shakllanishiga beqiyos hissa qoʻshib, safimizni tark etgan marhum jurnalistlar va ijodkorlar xotirasi hammamiz uchun doimo azizdir. Ularning izzat-hurmatini xayrli duolar bilan yod etib, joyiga qoʻyishlik bugungi avlod zimmasidagi burchdir. Buni ham unutib boʻlmaydi! Lekin, afsuski, bunday xayrli ishlar bir chetda qolib, ular ochgan eshiklarni taqa-taq yonish, ne azoblar bilan oʻstirgan chinorlarini qirqib quritish payiga tushib qolganlar ham bor...
Hayotning qonuni shuki, insondagi bunday toshbagʻirlik uni Yaratganga ham yoqmaydi! Shunday emasmi?
Gazeta jurnallarni chop etish jarayoni oʻta murakkab kechishini tasavvur qiladigan boʻlsak, tahririyat xodimlarining xolis xizmatlari qadri yana-da balandroq boʻy koʻrsatadi.
Oʻtgan asrning 80-yillarida Oʻzbekiston jurnalistikasi eng gullagan davrga qadam qoʻygandi. Taniqli adib va shoirlar, publitsistlar, tarixchilar, akademik olimlar aynan gazeta-jurnallarda xalq manfaatini baralla himoya qilib chiqishdi. Millatimiz peshonasiga tamgʻa qilib bosilgan “Bosmachilik harakati”, “Boqimanda va savodsiz xalq”, “Din afyundir”, “Paxta ishi” kabi tahqirlashlarni tarixiy madaniyatimiz, muqaddas dinimiz, ilm-fanimiz yutuqlarini ochib berish orqali butunlay sidirib tashladi. Oʻsha yillari avj olgan, oʻzbek farzandlarining mamlakatimiz sarhadlaridan chetdagi harbiy xizmatda va maʼnosiz afgʻon urushida shunchaki, ermakka halok boʻlayotgani muammosini koʻtarib chiqdi. Nufuzli xalqaro anjumanlarda millatimiz haq-huquqlarini himoya qildi. Xalqimiz shaʼni, qadr-qimmatini, tilimiz va madaniyatimizni tan olinishiga toʻliq erishdi. Gazeta va jurnallarda chop qilingan asarlari orqali butun jamoatchilikni millat erki uchun sobiq shoʻro tuzumiga qarshi oyoqlantirdi.
U paytlari hozirgidek, bitta tugmani bossangiz hamma ishni muhayyo qiladigan kompyuterlar yoʻq edi. Tahririyatlardagi tegishli boʻlimlar tomonidan tavsiya etilgan maqolalar, sheʼrlar, hikoyalar avval qoʻl mashinkasida qogʻozga tushirilar, takror-takror adabiy tahrirdan oʻtgach, chop etish sexida qaytadan qoʻrgʻoshinli harflarda terilar, xullas, sahifa toʻliq shakllangunicha boʻladigan uzliksiz, mashaqqatli jarayonlarda yuzlab jurnalistlar, muharrir va bosh muharrirlar, masʼul kotiblar, rassomlar, ishchilar, muhandis-texnik xodimlar ishtirok etishardi. Ertalab soat 9:00da ishxonaga yetib kelgan ijodiy xodim, ayniqsa, masʼul lavozimdagi kishilar 12 soatlab ishlashardi. Gazetaning kunlik chiqishini taʼminlaydigan navbatchi jurnalistlar Xudoning bergan kuni borki, ertalabdan keyingi kun tonggacha sahifalarda xatoni toʻgʻrilab koʻz nurini toʻkishardi. Bu— gazetaning qora mehnati, jurnalistning halol noni edi!
Ana shunday kunlarning birida, “Qishloq haqiqati”—«Selskaya pravda» gazetalariga Samarqand viloyat nashrining rahbari Ahmadjon Muxtorov bosh muharrir etib tayinlandi. Bu haqidagi axborotni barcha markaziy gazetalar chop etdi, telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar orqali jamoatchilikka yetkazildi.
Rus tilida ham emin-erkin, qoyillatib ijod qiladigan rahmatlik Ahmadjon Muxtorovning Toshkentga kelishi poytaxtdagi adabiy va ijodiy muhitga katta taʼsir koʻrsatdi. Har ikkala tildagi gazeta sahifalarida adiblar, iqtidorli shoirlar, ziyolilar, akademik olimlar va jamoatchilik vakillarining xalqchil maqolalari chiqa boshladi. Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Mahmudxoʻja Behbudiy singari davr qatagʻonlarining ijodi va hayoti sovet matbuoti sahifalarida ilk bor yoqlab chiqildi. Asarlaridan namunalar chop etildi. Afsuski, bosh muharrirdagi bunday jasorat mustabid tuzum davrida siyosiy nodonlik sifatida baholanardi. Odam oʻz ustiga oʻzi benzin quyib, gugurt chaqib yuborishi bilan teng edi. Shunday ham boʻldi. A.Muxtorovning masalasi eng yuqori idoralarda muhokama qilindi. Biroq otashin jurnalist, publitsist, gʻayrat-shijoatli davlat va jamoat arbobi ortga qaytmadi. Yolgʻiz oʻzi qora quzgʻunlarga qarshi kurashib, gʻolib boʻldi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay, gazetaning joylardagi nufuzi yana-da oshib ketdi.
Oʻsha kezlari “Yosh Leninchi” gazetasidan endi Oʻzbekiston radiosiga ishga oʻtgandim. Bir kuni Ahmadjon aka qoʻngʻiroq qilib yonlariga tez kelishimni soʻradilar. Borsam, eshiklari lang ochiq, nimanidir tahrir qilayotgan ekanlar.
— Ha, keldingmi, oʻtir, — dedilar qogʻozdan boshlarini biroz koʻtarib. — Koʻrdingmi, hattoki, rasm ostidagi tagsoʻzni ham ishonib boʻlmaydi. Hamma ishni Muxtorov bajarishi kerak. Endi bunaqasi ketmaydi! Yo yozishni oʻrganishadi yoki boshqa ish topishadi!
Rostdan ham shunday boʻldi. Gazeta mavqeini koʻtarish uchun tahririyat ijodiy jamoasida qayta tiklanish va yangilanish amalga oshirildi. Ustoz oʻz atrofiga qoʻlidan ish keladigan shijoatli jurnalistlarni yigʻa boshladi. U kishi nafaqat qoʻl ostidagi jamoasi, balki, hozirgi Matbuotchilar koʻchasi, 32-uyda nashr qilinadigan barcha gazetalar jurnalistlari uchun ustoz sifatida tanildi. Ularning dardini eshitib, qoʻlidan kelganicha yordam koʻrsatdi.
“Qishloq haqiqati” tahririyati xuddi hozirgidek, binoning beshinchi qavatida joylashgandi. Lift yonidagi devorda: “Aql qayrogʻi, yurak qiynogʻi, soʻzning qaymogʻi bu—Gazeta!” degan yozuv paydo boʻldi. Bu rahmatlik Ahmadjon Muxtorovning oʻzlari ijod qilgan satrlar edi. Yirik harflarda bitilgan bu shior shu joyda ancha vaqtgacha osigʻliq turdi.
1990-yil avgust oyida tajriba orttirish va ilmiy ish qilish ilinjida Leningrad(hozirgi Sankt-Peterburg)dagi siyosatshunoslik institutiga oʻqishga ketadigan boʻldim. Safar oldidan ustoz bilan xayrlashish uchun ishxonasiga bordim.
—Bizga yaxshi-yaxshi maqolalar joʻnatib tur, tushundingmi! — dedi u kishi qatʼiy ohangda. — Yaqinda bir yangilik boʻladi. Boriboq, manzilingni bildir, birinchi boʻlib senga xabar qilaman. Xursand boʻladigan ish. Balki, oʻqishni bitirib bizga qaytarsan. Bundan keyin koʻproq Moskvada doimiy komissiya tarkibida ishlayman. Xabarlashib turamiz tushundingmi? Moskva bilan Leningradning orasi bir qadamlik yoʻl boʻlsa, shunday emasmi,-deb, kulib qoʻydilar. Gapining mazmunidan, ustoz anchadan buyon pishitib yurgan rejasini uddalaganini fahmladim.
1990-yil noyabr oyining oʻrtalarida Leningrad shahridagi Yekaterinaning yozgi saroyi bilan Qozon sobori oraligʻida joylashgan yotoqxonamizga pochta orqali yuborilgan, “Xalq soʻzi” gazetasining 29-oktyabr kungi nishona soni yetib keldi. U bir zumda, oʻzbekistonlik yoshlar oʻrtasida qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi. Gazetaning birinchi sahifasi tepasida, Choʻlpon (Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli)ning: “Xalq dengizdir, xalq toʻlqindir, xalq kuchdir!” degan satrlari shior boʻlib turardi. Kimki, gazetani qoʻliga olib, sahifalardagi taniqli adib va shoirlar, jamoatchilikning ilgʻor namoyandalari yozgan hur fikrli maqolalarni oʻqigan boʻlsa, barchasi Ahmadjon Muxtorovning jasoratiga tasannolar aytgandi. Chunki oʻsha davrda bunday gazetani chiqarish arining iniga choʻp tiqib qoʻzgʻash bilan barobar edi-da!
1991-yil, 1-yanvardan toʻliq adadda chiqa boshlagan “Xalq soʻzi”- «Norodnoye slovo» gazetalari rahmatli Ahmadjon Muxtorov bosh muharrirlik qilgan yillarda oʻz qatʼiyatidan bir qadam ham ogʻishmadi. Xalq manfaatini ifoda etgan maqolalar peshma-pesh chiqib turdi. Sahifalarida jurnalistlarining jasorati ufurib turgan maqolalar tufayli “Xalq soʻzi” “Sovet Oʻzbekistoni”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” va boshqa rasmiy nashrlarni gazeta doʻkonlaridan topish qiyin edi. Odamlar erta tongdanoq xarid qilib ketardi.
Xoʻsh, internet olamiga butun vujudi bilan singib borayotgan bugungi yoshlar buni bilishadimi? Bosma nashrlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ahamiyatiga qoʻl siltayotgan kibrli toʻralar, orom kursisiga yopishib, gazeta-jurnal oʻqishlikni oʻtmishga mengzayotgan, har yili obuna mavsumida hamkorlik ilinjida ostona xatlagan tahririyat xodimlarini qoʻrs va qoʻpollik bilan oʻzidan yiroqlatishga “jasorat” koʻrsatayotgan hokimlar, tashkilot va idoralar rahbarlari tahririyatlardagi jurnalistlarning qora mehnatini tushunisharmikan?!
Yaqinda ana shundaylardan biri, Toshkent viloyatining “Oltin voha” ijtimoiy tarmogʻida “Xalq soʻzi”ning rasmiy saytida Ohangaron shahar hokimining ishdan olinishi toʻgʻrisidagi axborotga asossiz noroziligini, sobiq hokimga boʻlgan shaxsiy sadoqati tufayli gazetaga tuhmat toshi otish orqali bayon etdi. Lekin shum niyatini uddalayolmadi. Otgan toshi boshiga tushdi. Bu kabi tarmoqlarda shov-shuvli axborot biznesi ortidan quvayotganlar gazetachilikning qora mehnatini qanday qadrlashsin!?
Joriy yilning 27-iyun kuni nishonlangan “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan joylardagi hokimlik, vazirlik, tashkilot va idoralar rahbarlarining kunni tunga ulab mehnat qilayotgan, aholi xonadonlariga ilm-maʼrifat ziyosini ulashayotgan gazetalar ijodiy jamoalari mehnatiga koʻrsatgan sovuq munosabatida bundaylarning asl basharasi yana-da oydinroq namoyon boʻldi.
Gazeta-jurnallarning ahvoli kun sayin gʻariblashayotgani, aholining obuna jarayoniga salbiy munosabat bildirayotgani balki, tahririyatlarda qissa, ocherk, publitsistika, hikoya, reportaj, felyeton, hajviya, tanqidiy maqola singari janrlarning unut boʻlib borayotganiga ham bogʻliqdir. Balki, sahifalarning boshidan oxirigacha hamdu sanolar, maqtovlar, yutuqlar, kelajakka boʻy choʻzgan chegarasiz orzu havaslarga toʻliq maqolalar kishilarni gazeta oʻqishdan sovutayotgandir? Bunday maqola va xabarlar oʻrniga, joylarda aholini qiynayotgan muammolar, turmush tashvishlari aks etgan bir chimdim haqiqati bor tahliliy mushohadalar, diniy, tarixiy, maʼnaviy merosimiz, mumtoz adabiyotimiz durdonasi boʻlgan asarlardan parchalar berib borilgani ham maʼquldir. Har holda gazetalarni yana-da oʻqimishli qilish, ommaviyligini oshirish tahririyat xodimlarining oʻziga ham bogʻliq, shunday emasmi?!
Ikkinchi tarafda esa, bugungi pandemiya davridagi ogʻir sharoitga, qatʼiy cheklovlarga qaramasdan chop etilayotgan mavjud nashrlarning oʻquvchi qoʻliga oʻz vaqtida yetib bormasligi muammosi turibdi. Tahririyatlar harchand harakat qilishmasin, bizda hali “Oʻzbekiston pochtasi”, “Matbuot tarqatuvchi” kabi tashkilotlarda bu boradagi xizmat koʻrsatish tizimi yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan. Shu bois kishilar oʻz obuna nashrlarini muttasil kechikib olishmoqda. Bu paytda tezkor blogerlar va ijtimoiy tarmoqlar ayrim xabar va lavhalarni internet tizimi orqali allaqachon yetkazishgan boʻladi. Bunday muammolar yechimini qidirib topish, har kim oʻz koʻrpasiga qarab, oyoq uzatayotgan, jussasi va kuchiga qarab, aravasini oʻzi tortayotgan bir paytda, gazeta-jurnallar mavqeyini tiklashda, obunachilar sonini koʻpaytirishda, jurnalist qora mehnatining eʼtirof etilishida alohida oʻrin tutadi..
Yana bir haqiqat shuki, “Instagram”, “Facebook”, “Youtube”, “Telegram” singari internet tarmoqlari qanchalik tez ommaviylashmasin, baribir odamlarning gazeta oʻqishga, undan maʼnaviy ozuqa olishga boʻlgan ehtiyoji saqlanib qolaveradi. Chunki, bosma nashrlar oliy maʼlumotli jurnalistlar, tilshunoslar, adiblar, shoirlar, turli soha olimlari va pedagoglarning oʻzaro hamkorlikdagi mashaqqatli mehnatlari samarasidir. Fan-taʼlim, adabiyot, sanʼat qoʻyinki, barcha jabhalardagi mualliflarning biror bir mavzuda qogʻoz qoralashi uchun bir necha kitoblarni koʻzdan kechirishiga toʻgʻri keladi. Shoir va adibning ijod mahsuli esa uyqusiz tunlar mevasi ekanligini ham unutmaylik. Endi, ularning bosma nashrlarga taqdim etgan risolalari ikki-uch bor adabiy tahrirdan oʻtishi, siyosiy mavqeyi hisobga olingach, ichki senzura tavsiyasidan keyingina chop etilishini ham koʻz oldimizga keltiradigan boʻlsak, gazetalarning jamiyatdagi ahamiyati, aholining ommaviy savodxonligini yuksaltirishdagi xizmatlari yana-da oydinlashadi.
Har birimiz, oʻz tanamizga bir oʻylab koʻraylik! Pishiq-puxta yozilgan, oʻzida millat va jamiyat dardini mujassamlashtirgan, mavjud muammolar yechimiga yoʻl topishni talab etayotgan tanqidiy-tahliliy maqola qayoqdayu, ijtimoiy tarmoqlardagi har xil oldi-qochdi jumlalardan iborat, soʻzning ega kesimi aralashtirib yuborilgan matnlar, hayosiz videotasvirlar qayoqda?!
Gazetada chop etilgan maqola va rasmiy axborotlar, qonun hujjatlari, qarorlarni kishi istagan paytda ochib oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi. Internet tarmoqlarda esa bu jarayon oʻzgacha aks etadi. Bugun oʻqiganingni biror bir sababga koʻra, ertasi kuni topolmaysan kishi.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, “Youtube” tarmogʻida blogerlar tomonidan tashkilotlar shaʼniga aytilayotgan taʼna dashnomlar, haqoratomuz soʻzlar ham bugun chegara bilmay qoldi. Kim nimani toʻgʻri deb, bilsa, shuni ommaga yetkazishga zoʻr bermoqda. Aslida, axborotni tezkor tarqatishda ham maʼlum bir qoida, soʻz qolipi boʻlishi kerak emasmi?
Tarmoqlardagi jilovsizliklar bir tarafdan jamiyatdagi matbuot va soʻz erkinligi, demokratiya tamoyillarini aks ettirsa-da, lekin milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz, diniy qadriyatlarimizning yillar davomida shakllangan qoidalari buni hazm qila olarmikan?! Axir biz bir paytlari, jahon afkor ommasi tomonidan ilm-maʼrifatli buyuk bir millat sifatida tan olinmaganmidik?
Imom al-Buxoriy, imom at-Termiziy, imom Moturidiy, imom Zamahshariy, Abulays Samarqandiy, Qaffol Shoshiy, imom Nasafiy, Burhoniddin Margʻinoniy singari ilm-maʼrifat yetakchilari boʻlgan bobokalonlarimiz dunyo madaniyatining shakllanishiga sababchi boʻlmaganmidilar? Ularning abadiy barhayot asarlari bugungi milliy mafkuramizga asos qilib olinmaganmi? Unda nega biz zamon talabi degan ehtiyojimizni qondirish uchun Yevropa madaniyati sari qoʻl choʻzib, oʻzaro qadr-qimmatni, mehr-oqibatni, kattalarga hurmat, kichiklarga izzatni unutyapmiz?!
Mana gazeta-jurnallar jamiyatga nima uchun kerak! Bosma nashrlarning bugungi ogʻir sharoitini boshidan oʻtkazayotgan jurnalistlar qora mehnatining qadri qanchalik muhimligini gazetalarni oʻtmish qaʼriga uloqtirmoqchi boʻlayotganlar tushunisharmikan? Nima boʻlganda ham, aholini gazeta-jurnal oʻqishdan hozircha tiymay turgan maʼqul. Kelajakni esa vaqt koʻrsatadi, shunday emasmi?!
Shodiyor MUTAHHARXON oʻgʻli,
jurnalist-siyosatshunos.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring