“Gap sotib” yashagan qiziqchining ogʻriqlari bizni kuldiradi yoxud taniqli qiziqchi Obid Asomovni yodga olib
Chiqishlaridan birida “Oʻlim haq. Barchamiz bir kuni oʻlamiz” deb, “oʻzi kam sonli qiziqchilarning yanada kamayib borayotganidan” kuyingan Obid Asomovning oʻzi ham bugun bu dunyoda yoʻq. U oʻtgan yili 14-dekabrda oʻtkir infarkt tufayli olamdan oʻtdi. Ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida taniqli soʻz ustasini xotirlab yaxshi xotiralar aytildi. TVda Obid Asomov xotirasiga bagʻishlangan film ham namoyish etilgan. Obid Asomov nafaqat qiziqchi, talantli aktyor va mohir rassom boʻlgan.
Marhum sanʼatkorning 2016-yil “Amerika ovozi“ nashriga bergan intervyusini koʻrdim. Sanʼatkor “1996-yildan boshlab mavzular chegaralana boshlaganidan“ noligan ekan. Tanqidsiz yumor boʻlmasligini gapirgan. Hamma gap shunda. Maishiy kulgi hech kim uchun qiziq emas. Biz bunga “bachkanalik“ deb nom qoʻyganmiz. Azaldan yumor tanqid quroli boʻlib xizmat qilgan. Hozir odamlar faqat beparda hangomalarga kuladi.
Qiziqchilarning uyatsiz hazillari ham shundan “xamirturush“ oladi. Masxaraboz yoki devona obrazlari adabiyotda ham aytish mumkin boʻlmagan gaplarni ayta olish funksiyasini bajargan.
Asomovni dastlab xalqqa mashhur qilgan “Obid-A“ teatrida haqiqiy yumorni koʻrish mumkin edi. Teatr jamiyatimizning turli muammo va qusurlarini hajv qilar edi.
Shunday miniatyuralardan birida Robinzon Kruzo bizning zamonimiz va makonimizda paydo boʻlib qoladi. Robinzon – kulgi ortidagi ogʻriqlarni ifodalash uchun oʻylab topilgan niqob.
Obid Asomovning hazillari keyingi yillarda ancha maishiylashib, sayozlashib ketgani – bor gap. Aksar hazillari uyat pardasidan xoli, er va xotin oʻrtasidagi kunda-shunda boʻlib turadigan voqealarning qichitqi qoʻshilgan kulgili talqiniga aylanib qolgandi. Ammo mahorat va talant sezilib turardi.
Lekin kuzatib bilganim, oʻzbek jurnalistikasi Obid Asomov shaxsiyatiga kirib bora olmagan. Koʻpchilik suhbatlar, intervyular faqatgina hazil-huzul gaplardan iborat. Uzoq yillar Obid Asomov TV sahnasida koʻrinmay qoldi, konsert bermadi, turli mish-mishlar tarqaldi. Keyinchalik Rossiya televideniyesidagi “Krivoye zerkalo“ hajviy dasturida ishtirok eta boshladi. Oxirgi ikki yil ichida u yana oʻzbek sahnasi va teleekranlarga qaytgandi.
Obid Asomov ijtimoiy tarmoqlar orqali jamiyatda boʻlayotgan voqeliklarga munosabat bildirib turgan. Ularning ichida, ayniqsa, “Nahotki bizning oʻzbek millatimiz shu darajada ogʻzi shaloq boʻlib ketdi?” nomli videomurojaat shov-shuvga sabab boʻlgan.
Oʻtgan yili Obid Asomov uzoq tanaffusdan soʻng “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyida “Sizlarni sogʻindim” nomli konsert dasturini taqdim etdi. Konsertdagi hazillarni kuzatarkanman, “Choyxonaga ayollar borolmaydi. U yer antisanitar joy, lekin biz erkaklarga shu yoqadi, dasturxonning yirtilmagan joyi yoʻq, koʻrpacha shu qadar eski...”, “Seulga bordim, voy-vuy, koreys juda koʻp ekan-e”, “Oʻzbek ayoli umuman kasal boʻlmaydi, “oʻtib ketadi, oʻtib ketadi” deb yuraveradi kayfi bor odamga oʻxshab” kabi hazillari juda mayda hazil boʻlib tuyulmadi.
Bundan koʻp yillar oldin bergan bir konsertida oʻzining ijodiy biografiyasini kichik yumorda aytib bergan: “Bolaligimda oʻqituvchim urishardi “Asomov, gap sotma”, “Asomov, gap sotma” deb. Lekin men uning aytganini qilmadim, mana, 30 yildan beri gap sotib, pul olib tirikchilik qilib yuribman”. Sotgan gapi esa oʻzimizning yuzimizga tutilgan oyna edi. Ana shu “gap sotib” yashagan qiziqchining ogʻriqlari bizni kuldiradi.
Obid Asomov oʻzining latifalari, xalqning tili va diliga koʻchgan hazillarida yashayveradi.
Xurshid Abdurashid.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring