Gʻalvir suvdan koʻtarilganda
Joriy kuz- qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarida Navoiy viloyatida ham belgilangan chora-tadbirlarning barchasi amalga oshirildi.
Biroq mavsumning dastlabki qirovli kunlaridayoq oddiy nigohlardan chetda qolgan muammolar yuzaga chiqib,viloyatda sektor rahbarlari tomonidan ularni zudlik bilan hal etish choralari koʻrilmoqda.
Xususan, viloyat IIB boshligʻining Xatirchi tumani aholisi bilan oʻtkazgan yuzma-yuz muloqotida tumanning Maydon MFYda istiqomat qiluvchi aholi tomonidan bir qancha yechimtalab muammolar oʻrtaga tashlandi. Qishloqdagi eskirib avariya holatiga kelib qolgan 11 ta simyogʻochlar yangisiga almashtirish, 1,5 kilometrlik ichki yoʻllarni tekislab shagʻal yotqizish, soy ustida qurilgan eski koʻprik oʻrniga yangi zamonaviy koʻprik qurish shular jumlasidandir. Aholi tomonidan koʻtarilgan mazkur masalalarning ayrimlarini bartaraf etishga shu kunning oʻzidayoq kirishildi. Shuningdek, qishloq aholisini tashvishga solayotgan mavsumiy sel tabiiy ofatining oldini olish maqsadida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda choralar koʻrish belgilandi.
Keyingi sayyor qabul tumanning Bunyodkor va Mirzo Ulugʻbek mahallalarida boʻlib oʻtdi. Yuzma yuz muloqotlarda fuqarolar mazkur hududlarda ham ichki yoʻllar nosozligi masalalarini oʻrtaga tashlashdi. Shu kunning oʻzidayoq taʼmirtalab koʻchalarga shagʻal yotqizish ishlari boshlab yuborildi. Mazkur yuzma-yuz muloqot dasturi doirasida 3-sektor rahbari boshchiligidagi ishchi guruh maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida isitish tizimi, yoqilgʻi taʼminoti, oʻqituvchilarni tashvishga solayotgan masalalarni oʻrganib, bildirilgan murojaatlarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, mazkur hududlarda istiqomat qiluvchi bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurilib, har bir murojaat manzilli oʻrganildi. Ularga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatildi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring