Gaaga shahrida Oʻzbekiston-Niderlandiya siyosiy maslahatlashuvlari oʻtkazildi
2023-yil 30-avgust kuni Gaaga shahrida Oʻzbekiston va Niderlandiya oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarning ikkinchi raundi boʻlib oʻtdi, deb xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, madaniy-gumanitar va parlamentlararo munosabatlarni jadallashtirish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, xalqaro institutlar doirasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Muzokaralar chogʻida tashqi savdo aylanmasini oshirish, uning tarkibini diversifikatsiya qilish, Niderlandiya kompaniyalari va uyushmalari bilan birgalikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar tahlil qilindi.
Tomonlar qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Niderlandiyaning samarali sugʻorish usullari va hosil yigʻishning yangi texnologiyalarini Oʻzbekistonda joriy etish orqali ekinlar hosildorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro kun tartibining ayrim masalalari ham koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston va Niderlandiya oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarning ilk raundi 2015-yilda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring