Furqat tumanini “ogʻir” toifadan chiqarish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar belgilab olindi
Joriy yilda Furqat tumanini “ogʻir” toifadan chiqarish maqsadida keng koʻlamli, hayotbaxsh dasturlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz raisligida 23-yanvar kuni kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizdagi 37 ta “ogʻir” tuman boʻyicha aniq va manzilli vazifalar belgilab berilgan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Furqat tumanida ham aholi daromadini oshirish, yuqori daromadli yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda hududni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Ushbu vazifalar ijrosiga bagʻishlangan Xalq deputatlari Furqat tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida Oliy Majlis Senati aʼzosi, Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, tuman deputatlari, shuningdek, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Sessiya kun tartibiga muvofiq, Furqat tumani hokimi Elyorbek Asronqulov belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan tuman ahliga murojaat qildi. Unda tumandagi 34 ta mahallani yangicha yondashuvlar asosida jadal rivojlantirish rejalashtirilgani, hududiy investitsiya dasturi doirasida sanoat sohasida 79 ta, xizmat koʻrsatish sohasida 65 ta hamda qishloq xoʻjaligida 36 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, boʻsh turgan bino va yer maydonlarini tadbirkorlarga berish, har bir mahallaning ixtisoslashuvi asosida tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.
— Bugungi kunda 219 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar paketi shakllantirilgan boʻlib, 140 million dollarlik 9 ta loyiha boʻyicha istiqbolli kelishuvlarga erishildi, — dedi E. Asronqulov. — Shuningdek, byudjet mablagʻlari hisobidan 238,2 milliard soʻm ajratilib, 672 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada 2 ming 20 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, elektr energiyasi va ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish boʻyicha izchil ishlar olib boriladi. Xususan, “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasini shakllantirish rejalashtirilgan 5 ta mahalla uchun 46,4 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilangan. Umuman olganda, amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar doirasida tumandagi barcha mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy faollikni oshirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish maqsad qilingan.
Sessiyada viloyat hokimi Xayrullo Bozorov soʻzga chiqib, har bir loyiha ijrosi chuqur tahlil qilinishi, ishlar aniq reja va manzilli yondashuv asosida amalga oshirilishi zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, ajratilayotgan mablagʻlar real samara berishi, aholi daromadi va bandligiga xizmat qilishi muhimligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Shu bilan birga, sessiya davomida tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, tashabbuskor tadbirkorlarning loyiha va takliflarini qoʻllab-quvvatlash, har bir yoʻnalish boʻyicha aniq va ustuvor vazifalarni belgilab olish masalalari muhokama qilindi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring