Fuqarolik kodeksini yangilashning zarurati nimada ?

15:42 30 May 2020 Siyosat
2223 0

Loyihadagi asosiy yangiliklar fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Ayni vaqtda Prezidentimizning 2019-yil 5-apreldagi farmoyishi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida Adliya vazirligi tomonidan yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Fuqarolik kodeksini yangilashning zarurati nimada, degan savol tugʻilishi tabiiy. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 1996-yilda qabul qilingan boʻlib, oʻtgan davr mobaynida katta oʻzgarishlarni fuqarolik-huquqiy tartibga solishda muhim rol oʻynadi va bozor iqtisodiyoti rivojlanishiga huquqiy zamin yaratib berdi.

Shu bilan birga, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi iqtisodiyotni yana-da liberallashtirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk kafolatlarini himoya qilishni kuchaytirish, tadbirkorlikning rivojlanishini ragʻbatlantirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olingan.

Boshqacha aytganda, bugungi kunda real bozor iqtisodiyoti va ilgʻor xalqaro standartlar talablariga javob beradigan, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan zamonaviy fuqarolik kodeksini ishlab chiqish davr talabidir.

Bugungi kungacha tayyorlangan yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasi bir tomondan Fuqarolik kodeksi moddalarini unifikatsiya qilish va tizimlashtirish choralarini, ikkinchi tomondan tadbirkorlik, shu jumladan xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator yangiliklarni oʻz ichiga olgan.

Xususan, alohida qonunlarda va Fuqarolik kodeksida mazmunan takrorlanadigan bir qator qoidalar loyiha matnidan chiqarib tashlangan. Jumladan, intellektual mulkka oid, yuridik shaxslar faoliyati tashkiliy masalalari bilan bogʻliq normalar shular sirasiga kiradi. Shu bilan birga, qoidalardan ayrimlari, masalan, lizing qoidalari amaldagi qonunlardan Kodeks loyihasiga koʻchirib oʻtkazilmoqda.

Investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda mulkiy munosabatlar barqarorligini taʼminlash maqsadida xorijiy kompaniyalarga Oʻzbekistonda oʻz filialini roʻyxatdan oʻtkazib, hech qanday toʻsiqlarsiz tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqi berilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, mulk xususiy yoki davlatga tegishli boʻlishidan qati nazar bir xil huquqiy himoya belgilanmoqda. Davlat reyestriga kiritilgan maʼlumotga ishonib mulkni sotib olgan mulkdordan, ilgarigi sotuvchi tomonidan qandaydir huquqbuzarlikka yoʻl qoʻyilgan boʻlsa-da, mulk qaytarib olinmasligi hamda mulk huquqining himoyasini taʼminlashga qaratilgan yangi qoidalarni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Ushbu qoidalar xorijiy investitsiyalar miqdori yana-da oshishiga xizmat qiladi. Shuningdek, mulk huquqi kafolatlarining mustahkamlanishi Jahon iqtisodiy erkinlik indeksi va boshqa xalqaro reytinglarga ham ijobiy taʼsir qilishi kutilmoqda.

Yana bir yangilik fuqarolik qonun hujjatlarini virtual makon, yaʼni Internetda vujudga keladigan munosabatlarga ham tatbiq etish bilan bogʻliqdir. Kelgusida elektron yoki boshqa texnik vositalar yordamida tuzilgan bitimlarni yozma shaklga tenglashtirish, elektron aloqa vositalaridan foydalangan holda tovarlarni sotishning, raqamli pul, yaʼni kriptovalyuta muomalasining asosiy qoidalari belgilanayotir.

Bu yangiliklar tadbirkorlar uchun fuqarolik-huquqiy munosabatlarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan toʻliq foydalangan holda vaqtni tejash imkonini beradi. Shuningdek, hujjatlar aylanmasi, mehnat resurslari, logistika, savdo va saqlash joylari ijarasi bilan bogʻliq bir qator xarajatlarni kamaytirishga, elektron tijoratni yana-da rivojlantirishga turtki boʻladi.

Albatta, loyihadagi shu kabi koʻplab yangiliklar, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq yangi normalar amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etib boriladi. Chunki bu jarayon faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarga noqulayliklar tugʻdirmasligi va ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmasligi kerak.

Masalan, tijorat tashkiloti boʻlgan yuridik shaxslarning ayrim tashkiliy-huquqiy shakllari bekor boʻlishi ushbu shakllarda faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlar darhol oʻz shaklini oʻzgartiradi degani emas. Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi kuchga kirgunicha tashkil qilingan yuridik shaxslar oʻz taʼsischilari ixtiyoriga koʻra xohlagan paytda yoki biror sabab bilan qayta tashkil etilganda yangi shaklga oʻtishi lozim boʻladi. Bu kabi masalalarni yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksini amalga kiritish toʻgʻrisida qabul qilinadigan qonunda belgilab qoʻyish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida fuqarolik qonunchiligini bozor iqtisodiyoti tamoyillari va xalqaro standartlarga muvofiq modernizatsiya qilish, bozor iqtisodiyotini yana-da rivojlantirish uchun zamonaviy fuqarolik-huquqiy asos yaratish maqsadi koʻzda tutilgan. Bu maqsadga erishish uchun Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha idoralararo komissiya tuzildi.

Fuqarolik kodeksining yangi tahririni tayyorlashda ish hajmi katta boʻlishi inobatga olinib, eng avvalo, Idoralararo komissiya tomonidan fuqarolik qonunchiligini sohalarga boʻlgan holda 8 ta yoʻnalishda ishchi guruhlar tashkil etildi. Ishchi guruhlarning namunaviy rejalari hamda fuqarolik huquqi sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish rejasi tasdiqlandi.

Ishchi guruhlar tarkibiga 50 nafardan ortiq aʼzo jamlandi. Bunda asosan ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy xodimlari va oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tajribali sudyalar va advokatlar, davlat idoralari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb qilindi.

Ishchi guruhlar aʼzolari qariyb bir yildan buyon muntazam ravishda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutida yigʻilib va masofadan turib ish olib bormoqda.

Loyihani ishlab chiqishda rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish katta ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Xalqaro hamkorlik boʻyicha Germaniya jamiyati (GIZ) koʻmagi bilan Germaniya, Fransiya, Polsha, Rossiya, Pokiston davlatlaridan 20 nafardan ortiq ekspert maslahatchilar xizmatidan foydalanilmoqda.

Bundan tashqari, 12 nafar milliy ekspert bevosita Fransiya, Polsha, Rossiya davlatlariga borib oʻrganishlar oʻtkazdi.

Ushbu safarlar davomida Parij shahrida Fransiya Adliya vazirligining fuqarolik ishlari boʻyicha boshqarmasi, Parij Panteon Assas universiteti qoshidagi Qiyosiy huquq instituti, Kontinental huquqni oʻrganish markazi, Kassatsiya sudi, Sudyalar va prokurorlar tayyorlash milliy maktabi mutaxassislari bilan amaliy muloqotlar uyushtirildi.

Shu bilan birga, Varshava shahrida Polsha Adliya vazirligining fuqarolik qonunchiligi boʻlimi, Polsha Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy ilmiy tadqiqotlar markazi, Polsha Fanlar akademiyasining Huquqiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari ishtirokida davra suhbatlari tashkil etildi. Bu tadbirlarda fuqarolik qonunchiligi muammolari, istiqbollari va yangi zamonaviy gʻoyalar atroflicha muhokama qilindi.

Moskva shahrida Fuqarolik qonunchiligini kodifikatsiya qilish va takomillashtirish boʻyicha Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Kengash rais oʻrinbosari va aʼzolari, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi S.Alekseyev nomidagi Xususiy huquq tadqiqot markazi, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti professor- oʻqituvchilari ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi. Anjumanda Oʻzbekiston fuqarolik qonunchiligini takomillashtirishda Rossiya Federatsiyasining fuqarolik qonunchiligini isloh qilish tajribasidan foydalanish masalalari koʻrib chiqildi. 

Moskvaga safar davomida, shuningdek, Fuqarolik kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruhlar aʼzolari “Rossiya fuqarolik huquqi. Yil natijalari” IX Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilariga Oʻzbekistonda fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar haqida maʼlumot berildi.

Bugungi kunda dastlabki loyiha qoʻshimcha fikr va mulohazalar olish maqsadida mamlakatimizning vazirlik va idoralariga, huquqiy sohadagi oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalariga, advokatlar va notariuslar palatalariga yuborilgan. Tabiiyki, loyiha aholidan, soha mutaxassislari va tashkilotlardan kelib tushadigan takliflar asosida yana-da takomillashtiriladi.

Hozirgi kunda yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi qabul qilinishi asnosida amaldagi boshqa qonunlar va qonunosti hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritilishi bilan bogʻliq tegishli qonun hujjatlarining loyihalari ham tayyorlanmoqda. Bu jarayonda oʻzgartiriladigan qonunlarning oʻzi 20 tadan ortiq boʻlib, qonunosti hujjatlar soni esa bundan ham koʻpdir.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi bilan bevosita tartibga solinmagan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi alohida qonunlarni ham tasdiqlangan Konsepsiya asosida takomillashtirish taqozo etiladi. Xususan, intellektual mulk, qimmatli qogʻozlar sohalari shular jumlasidandir.

Bir soʻz bilan aytganda, hali bu sohada qilinadigan ishlar juda koʻp va ular albatta oxiriga yetkaziladi.

A.Madaminov,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori

O'zA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер