Fuqarolar nimadan norozi?
Arxiv foto
Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy tuzilmalariga 2018 yil davomida kelib tushgan murojaatlarning 1993 tasi qanoatlantirilgan, 1516 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirish berilgan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati “Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.
Agentlik va uning hududiy tuzilmalari kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, ularning aksariyati oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini olish masalasidagi murojaatlarga toʻgʻri kelganligi aniqlandi.
Bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida koʻchmas mulklarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha 229 ta shikoyat kelib tushgan boʻlib, ushbu murojaatlarning kelib chiqish sababi oʻrganilganda masʼul idoralarning ish hajmi koʻpligi, aynan ushbu tadbirga biriktirilgan xodimlarning kamligi, ayrim idoralarda hattoki kompyuter bilan taʼminlanmaganligi va internet tarmogʻiga ulanmaganligi, shu bilan birga “Kadastr-2” axborot tizimiga integratsiya qilinmaganligi yoki aksariyat xodimlar ushbu tizimdan foydalanishni toʻliq oʻzlashtirmaganligi asosiy sabablardan biri boʻlmoqda.
Hozirda “Mobil xizmatlar” tadbirlari davomida mahalla faollari bilan birgalikda aholiga bir martalik umumdavlat aksiyasining afzalliklarini tushuntirish boʻyicha targʻibot ishlari ham olib borilmoqda.
Komissiya aʼzolarini “Kadastr xizmati – 2.0” tizimi bilan ishlash boʻyicha malakasini oshirish yuzasidan vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlangan grafik asosida oʻqitishni, komissiya aʼzolarini ushbu tizimga toʻliq ulanishini taʼminlash hamda xizmatni amalga oshirish boʻyicha masʼul xodimni belgilangan tartibda biriktirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, ushbu aksiya doirasida qonun buzilishlarga yoʻl qoʻygan masʼul shaxslarga nisbatan 1294 ta taʼsir choralari qoʻllanildi. Xususan, 238 ta taqdimnoma, 403 ta ogohnoma kiritildi va 653 nafar shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Qoʻllanilgan choralar natijasida 907 nafar shaxslar javobgarlikka tortildi. Shundan, 19 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 651 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Davlat xizmatlari agentligi davlat xizmatchilarini hushyorlikka chorlaydi. Zero, davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini buzgan har bir shaxsga nisbatan javobgarlik muqarrar!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring