Fransiya Ukrainaga Yevropa Ittifoqidan 50 milliard yevro olishda yordam berishga vaʼda berdi
Illyustrativ foto
Fransiyaning yangi tashqi ishlar vaziri Stefan Sejurne Parij Yevropa Kengashining boʻlajak sammitida Kiyevga 50 milliard yevro miqdorida yordam olishini taʼminlash uchun butun siyosiy va diplomatik imkoniyatini ishga solishini aytdi.
“Yevropa Kengashi 1-fevral kuni sammitga yigʻiladi va biz ushbu uchrashuv munosabati bilan Yevropa birligini saqlash uchun zarur boʻlgan hamma narsani qilishimiz kerak. Fransiya Ukrainaga koʻrsatilgan 50 milliard yevro miqdoridagi yordam ajratilishi uchun butun siyosiy va diplomatik yukni zimmasiga oladi”, — dedi Sejurne Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.
Uning soʻzlariga koʻra, pullar Ukrainaning ijtimoiy ehtiyojlarini moliyalashtirishga yordam beradi, shuningdek, energiya almashinuvi va mamlakat transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga hissa qoʻshadi.
Vazir, shuningdek, Fransiyaning yuqori martabali vakillari Ukrainaning hozirgi ehtiyojlarini baholash uchun bir necha bor tashrif buyurishlariga vaʼda berdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring