“Frankfurt Buchmesse”: Gʻafur Gʻulom nashriyoti Kanada va Buyuk Britaniya nashriyotlari bilan muzokara oʻtkazdi
Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt shahrida anʼanaviy “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob koʻrgazmasi davom etmoqda. Bu haqda AOKA xabar berdi.
Xalqaro kitob koʻrgazmasining ikkinchi kunida Oʻzbekistonning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Nabijon Qosimov ham ishtirok etdi va mamlakatimiz noshirlari taqdim etgan stend, namoyish etilayotgan kitob va bosma mahsulotlari bilan tanishdi.

Xalqaro koʻrgazma doirasida oʻzbekistonlik noshirlar bir qator xorijiy nashriyotlar bilan uchrashuvlar, muzokaralar oʻtkazishmoqda. Uchrashuvlarda kitoblarni nashr etish, oʻzbek adiblarining asarlarini boshqa tillarga tarjima qilish, xorijlik adiblarning ijod namunalarini oʻzbek tiliga tarjima qilib, kitobxonlarga yetkazish, shuningdek matbaachilik sohasida oʻzaro tajriba almashish masalalari muhokama etildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimidagi “Gʻafur Gʻulom” nashriyoti vakillari Kanadaning “BookLand Press” nashriyoti rahbari Robert Morgan, Buyuk Britaniyaning “Salaam Publishing” nashriyoti rahbari Muhammad Umar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bu yilgi koʻrgazmada dunyoning 150dan ortiq mamlakatidan noshirlar, yozuvchi-shoirlar va boshqa ijodkorlar qatnashyapti. Tadbirda jami 285 mingdan ortiq ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, koʻrgazma oʻz ishini 20-oktyabrga davom ettiradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring