Fraksiyada muhim qonun loyihalari koʻrib chiqildi
2023-yil 24-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotiga daxldor boʻlgan muhim qonun loyihalarini muhokama qildilar.
Dastlab yigʻilishda “Yer toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda yer munosabatlari sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli tarzda himoya qilish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Yer uchastkalari ijara munosabatlarining oʻziga xos xususiyatlarini aniq belgilash, bundan tashqari oʻzganing koʻchmas mulkidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish, jamoat ehtiyojlar uchun ommaviy servitut belgilanishini huquqiy tartibga solish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi servitut shartnomasi, servitut ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, servitutni oʻzgartirish, bekor qilish, servitut uchun haq toʻlash, ommaviy servitutni belgilashga oid qoidalar bilan toʻldirilmoqda.
Shu bilan birga, ijara munosabatlarining obyektlariga boʻlgan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) belgilanmoqda, yer uchastkalarini ijaraga berishning tartibi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki boʻlgan yer uchastkasiga mulk huquqini bekor qilish hollari aniqlashtirilmoqda.
Uzoq davom etgan savol-javoblardan soʻng, fraksiya aʼzolari qonun loyihasining qabul qilinishi servitut belgilash bilan bogʻliq munosabatlar huquqiy jihatdan tartibga solinishiga, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilari va mulkdorlari huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qilishini eʼtiborga olib, uni maʼqulladilar.
Yigʻilishda koʻrib chiqilgan navbatdagi masala — “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari belgilanishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi boʻldi.
Muhokamalar davomida taʼkidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarining birinchi bosqichi amalga oshirilishini taʼminlashga, shuningdek professional boshqaruv prinsiplariga asoslangan va natijaga yoʻnaltirilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Yigʻilishda fraksiya vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring