Fraksiya Ombudcmanning faoliyatini qanday baholadi?

07:54 12 Fevral 2022 Jamiyat
914 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2021-yil 10-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha mustaqil institut sifatidagi ahamiyati oshdi, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslari takomillashtirildi, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi vakolati va hududlardagi ishtiroki kengaydi.

Tadbirda qayd etilganidek, 2021-yilda Ombudsman nomiga fuqarolardan 16559 ta, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalaridan 2120 ta, xorijiy davlatlardan 59 ta murojaat kelib tushgan. Ularga tegishli tartibda huquqiy maslahat va tavsiyalar berilgan.

Shu bilan birga, Ombudsman tomonidan kiritilgan taqdimnomalar vazirlik va idoralarning kengaytirilgan majlislarida muhokama qilinib, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash hamda ijro intizomi talablarini buzgan va oʻz faoliyatida masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan 82 nafar xodimga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi, 9 nafar xodimga nisbatan “jarima” intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan, 8 nafar xodim egallab turgan vazifasidan ozod qilingan.

Deputatlar Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning faoliyati samaradorligini yanada oshirish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, bir qator takliflarni ilgari surdi.

Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер