FlyArystan aviakompaniyasi Ostonadan Toshkentga parvozlarni yoʻlga qoʻydi
Qozogʻistonning FlyArystan loukoster aviakompaniyasi Ostona va Toshkentni toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar bilan bogʻladi.
3-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 01:55da bortida 180 nafar yoʻlovchisi boʻlgan samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi. Aeroportda yangi yoʻnalish ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi, unda “Uzbekistan Airports” AJ rahbariyati, Qozogʻiston elchixonasi va aviatashuvchi vakillari ishtirok etdi.
Ostona — Toshkent — Ostona yoʻnalishi boʻyicha parvozlar Airbus A320 samolyotlarida haftasiga ikki marta — dushanba va chorshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, aviakompaniya yaqin kelajakda parvozlar xaritasini Qozogʻiston va Oʻzbekistonni bogʻlaydigan yangi yoʻnalishlar bilan toʻldirishni rejalashtirmoqda.
FlyArystan Qozogʻistonning loukoster aviatashuvchisi boʻlib, shtab-kvartirasi Olma-otada joylashgan. Kompaniya Qozogʻistondagi eng yirik Air Astana aviakompaniyasi negizida tashkil etilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring