Firibgarlik holatlariga chek qoʻyildi

21:29 30 Sentyabr 2020 Jamiyat
1152 0

Hayotda har bir inson halol mehnat qilib, umrguzaronlik qilishi lozim. Lekin, ayrim kimsalar firibgarlik yoʻlini tanlab, oʻzgalarning pul mablagʻlarini oʻzlashtirishga harakat qilishlari ham ayni haqiqat.

Xususan, xalq deputatlari Toshkent shahar tuman kengashlaridan birining deputati boʻshab qolgan joylar uchun tuman kengashi deputatligiga saylanishda yordam berishni vaʼda qilib, mahalliy fuqarodan 3000 AQSH dollari soʻraydi va avans sifatida 1,5 ming dollar olgan vaqtida DXX Toshkent shahar boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Endi Sirdaryo viloyatida aniqlangan firibgarlik holatiga eʼtiboringizni qaratamiz. Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi, hozirda hech qayerda ishlamaydigan 18 yoshli fuqaro Guliston shahrida yashovchi oʻzining 17 yoshli jinoiy sherigi bilan birga, aldov yoʻli bilan oʻzganing ishonchiga kirib, uni Qozogʻiston Respublikasi Chimkent shahrida joylashgan M.Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston davlat universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyish uchun 2000 AQSH dollari olgan vaqtlarida DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Shuningdek, qoʻshni davlatlardagi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kiritib qoʻyish bilan bogʻliq firibgarlik holati vodiy viloyatlarida ham kuzatildi.

Jumladan, Andijon viloyati Izboskan tumanida yashovchi, 1997-yilda tugʻilgan shaxs Margʻilon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh davlat universitetining tibbiyot fakultetiga hech qanday imtihonlarsiz oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga, undan 1350 AQSH dollari olgan vaqtida DXX Fargʻona viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Buni qarangki, farroshlikka ishga joylash uchun xam pora olish mumkin ekan. Samarqand viloyati Bulungʻur tumani tibbiyot birlashmasining koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi xodimi 1200 AQSH dollari evaziga mahalliy fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga farroshlikka ishga kirishida yordam berishini aytib, dastlab undan 400 AQSH dollari oladi. Oradan bir oz muddat oʻtib esa qolgan 800 dollarni olayotgan vaqtida DXX va Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

Respublikamiz paxta dalalarida terim mavsumi avjiga chiqqan ayni kunlarda bu yoʻnalish ham firibgarlarning eʼtiboridan chetda qolmadi.

Xususan, Jizzax viloyati Baxmal tumanida ikki marta sudlangan fuqaro mahalliy fermer xoʻjaliklaridan birining rahbaridan joriy paxta yigʻim terimiga xoʻjalik nomidan oʻzi yollanma ishchilarni topib, joʻnatib berishni aytib, buning uchun 6 mln. soʻm talab qiladi. Agarda ushbu pulni bermasa hokimiyatda ishlaydigan tanishlari orqali mazkur fermer xoʻjaligi yerlarini oldirib qoʻyish bilan ham tahdid qiladi. Aytilgan puldan 5 mln. soʻmni olayotgan vaqtda DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda ushbu aniqlangan holatlar boʻyicha Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер