Finlyandiya musulmonlari vakillari delegatsiyasi Oʻzbekistondagi islomiy qadamjolarni ziyorat qildi
Kecha bosh imom-xatib Ramil Belyayev boshchiligidagi Finlyandiya tatarlari jamiyati delegatsiyaning Oʻzbekistonga boʻlib oʻtgan tashrifi yakunlandi.
Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, delegatsiya tarkibida Finlyandiya tatar musulmon jamiyatining 10 dan ortiq vakillari yurtimizga keldi.
20—27-sentyabr kunlari Oʻzbekistonda boʻlgan delegatsiya aʼzolari Samarqand, Buxoro va Xivadagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishdi, Toshkent shahri tatar jamoatchiligi bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
Delegatsiyani Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov ham qabul qildi. Suhbat davomida mehmonlarga Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar, Fatvo markazi faoliyati, Qurʼon kurslari, masjid va madrasalarni obodonlashtirish, diniy taʼlimni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Uchrashuv va muloqotlar chogʻida diniy taʼlim, ilmiy-tadqiqot faoliyati, diniy maʼrifat va masjidlar faoliyatini rivojlantirish, ziyorat turizmini faollashtirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring