Fermer xoʻjaliklari ijaraga olingan yerni kredit olishda garovga qoʻyishi mumkin
Bu haqda AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Biznes-ombudsman yetakchi inspektori Oʻktam Choriyev maʼlum qildi:
— Yer kodeksining 46-moddasiga asosan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar fermer va dehqon xoʻjaliklarni, bogʻdorchilik, polizchilik, chorvachilik va uzumchilikni yuritish uchun beriladi.
Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli boʻlgan taqdirda tashkil etiladi.
Dehqonchilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xoʻjaliklariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami paxtachilik va gʻallachilik uchun kamida 30 gektarni, gʻallachilik va sabzavotchilik uchun kamida 10 gektarni tashkil etadi. Ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam oʻlchami bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni yetishtirish uchun kamida 1 gektarni hamda koʻpi bilan 5 gektarni tashkil etadi.
Yer uchastkalari berilganda fermer xoʻjaligi oʻz zimmasiga qishloq xoʻjalik ekinlarining hosildorligi (uch yil uchun oʻrtacha yillik hosil hisobida) qonun hujjatlarida belgilangan normativ hosildorlikdan kam boʻlmasligini taʼminlash majburiyatini oladi. Bu majburiyat yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida mustahkamlab qoʻyiladi.
Fermer xoʻjaliklari yuritish uchun yer uchastkalari ochiq tanlov asosida ijaraga 50 yilgacha boʻlgan, lekin 30 yildan kam boʻlmagan muddatga beriladi.
Fermer xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkasini olishda fermer xoʻjaligi tashkil etilayotgan joyda yashovchi shaxslar boshqa teng shartlarda ustun huquqdan foydalanadi.
Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi fermer xoʻjaligining boshligʻi va tuman hokimi tomonidan imzolanadi.
Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkalaridan qatʼiy belgilangan maqsadda foydalaniladi. Ular xususiylashtirilishi, shuningdek oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi mumkin emas.
Yer uchastkasini ijaraga olish huquqi kreditlar olishda fermer xoʻjaligi tomonidan garovga qoʻyilishi mumkin.
Yer uchastkasining oʻlchami va chegaralari faqat fermer xoʻjaligi boshligʻining roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring